
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoni bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida taʼlim tashkilotlari xodimlarining malakasini uzluksiz oshirish hamda taʻlim jarayoni ishtirokchilarini psixologik qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish boʻyicha muhim vazifalar belgilangan.
Mazkur vazifalar ijrosi doirasida joriy yilning 30-aprel kuni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Kasbiy ta’lim agentligi hamkorligida “Maktabgacha, maktab va kasbiy ta’lim psixologlarini kasbiy rivojlantirish hamda metodik qo‘llab-quvvatlash” mavzusida seminar tashkil etildi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad ta’limda psixologik qo‘llab-quvvatlash tizimining uzviyligi va uzluksizligini ta’minlash, trener sifatida tayyorlangan psixologlarning mashg‘ulotlarda egallagan bilim va ko‘nikmalarini hududlarda faoliyat yuritayotgan psixologlarga yetkazish hamda kaskad usulidagi o‘quv-seminarlarni samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha yagona metodik yondashuvlarni belgilab olishdan iborat bo‘ldi.

Seminarda 2026-yil yanvar–aprel oylarida respublika hududlarida “Ta’limda psixologik farovonlikni birga yaratamiz” shiori ostida o‘tkazilgan o‘quv-seminarlar yakunlari, erishilgan natijalar va kelgusidagi ustuvor vazifalar tahlil qilindi.
Tadbirning kirish qismida mas’ul tashkilotlar vakillari so‘zga chiqib, ta’lim tizimida psixologik xizmat sifatini oshirish, mutaxassislarni metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda hududlarda yagona yondashuv asosida amaliy ishlarni davom ettirish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘linmasining loyiha koordinatori Yuliya Risyukova ta’lim muassasalarida psixologik xizmat samaradorligini oshirish, bolalarning individual xususiyatlarini inobatga olgan holda qo‘llab-quvvatlash hamda hududlarda metodik ishlarni tizimli davom ettirish zarurligiga e’tibor qaratdi.

“Hozirgi kunda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, avvalo, inson omiliga, xususan, bola shaxsining har tomonlama rivojlanishiga qaratilgan.
Bu jarayonda psixologik xizmat nafaqat yordamchi tizim, balki ta’lim sifati va samaradorligini belgilaydigan asosiy ustunlardan biriga aylanmoqda.
Bugun psixolog faqat maslahat beruvchi mutaxassis emas. U o‘quvchining ichki dunyosi va ehtiyojlarini chuqur tushunadigan tahlilchi, ta’lim jarayonida psixologik barqarorlikni ta’minlovchi mutaxassis, kasbga yo‘naltirishda yo‘l ko‘rsatuvchi maslahatchi hamda sog‘lom va xavfsiz ta’lim muhitini shakllantirishda muhim ishtirokchidir.
Shu nuqtayi nazardan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda Kasbiy ta’lim agentligi hamkorligida psixologlarni kasbiy rivojlantirishda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, ularni ilmiy-metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida so‘nggi yarim yil davomida tizimli seminarlar tashkil etildi.
Endilikda navbatdagi bosqich tuman va shaharlar miqyosida o‘quv-seminarlarni yuqori saviyada tashkil etish, tayyorlangan tajribani joylarda samarali tatbiq etish hamda psixologik xizmatning amaliy ta’sirini yanada kuchaytirishdan iborat.
Ishonamanki, bugungi seminar har birimiz uchun yangi g‘oyalar, aniq yechimlar va joylarda o‘quv-seminarlarni sifatli tashkil etish bo‘yicha zarur ma’lumotlarga boy bo‘ladi”, — dedi Yuliya Risyukova.
Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri oʻrinbosari Farhod Boqiyev ta’lim tashkilotlarida sog‘lom psixologik muhitni shakllantirish, psixologlarni metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda hududlarda kaskad usulidagi o‘quv-seminarlarni tizimli davom ettirishning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.

“Globallashuv jarayonlari tobora kuchayib borayotgan bugungi davrda yoshlarning maʼnaviy dunyosini boyitish, ularni turli salbiy taʼsirlardan asrash hamda bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish masalasi kun sayin dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada davlatimiz tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilayotgani bejiz emas.
Raqamlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, Oʻzbekiston aholisining qariyb 24 foizi bevosita taʼlim sohasi bilan bogʻliq. Bu esa tizimda sogʻlom ijtimoiy-psixologik muhitni shakllantirish, oʻquvchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularning xavfsizligini taʼminlash naqadar muhim ekanini koʻrsatadi.
Ayniqsa, bolalarimiz bizning kelajagimiz ekan, ularni zoʻravonlikning har qanday shaklidan himoya qilish, muammoli holatlarni barvaqt aniqlash va oldini olish barchamizning umumiy vazifamizdir.
Shu nuqtayi nazardan, bu kabi seminarlar psixologlarning kasbiy salohiyatini oshirish, ularni metodik jihatdan qoʻllab-quvvatlash hamda taʼlim tashkilotlarida sogʻlom, xavfsiz va ishonchli muhitni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu yoʻnalishda vazirlik, masʼul tashkilotlar, hududiy mutaxassislar va amaliyotchi psixologlar birgalikda harakat qilsa, albatta, kutilgan natijalarga erishamiz”, — dedi Farhod Boqiyev.
O‘z navbatida Ta’limni rivojlantirish markazi direktori Shaxzodbek Kurbaniyazov ta’lim tizimida psixologik xizmat sifatini oshirish, hududiy trenerlar faoliyatini tizimli yo‘lga qo‘yish va yagona metodik yondashuv asosida amaliy ishlarni davom ettirish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

“Bugungi kunda ta’lim jarayonida bolaning bilim olishi bilan bir qatorda uning ruhiy holati, ijtimoiy moslashuvi va xavfsiz muhitda rivojlanishi ham dolzarb masalaga aylanmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, psixologik qo‘llab-quvvatlash tizimini maktabgacha, maktab va kasbiy ta’lim bosqichlarida uzviy hamda uzluksiz yo‘lga qo‘yish eng muhim vazifalarimizdan biridir. Yanvar–aprel oylarida hududlarda o‘tkazilgan o‘quv-seminarlar natijasida jami 848 nafar trener-psixolog tayyorlangani bu boradagi ishlarimizning amaliy samarasini ko‘rsatadi.
Eng muhimi, bu jarayon bir martalik tadbir sifatida yakunlanmaydi. Tayyorlangan trenerlar o‘z hududlarida bilim va tajribani keng tarqatib, maktabgacha ta’lim tizimidagi 3 000 dan ortiq, umumiy o‘rta ta’lim tizimidagi 11 000 dan ortiq hamda kasbiy ta’lim tizimidagi 800 dan ortiq psixologni kaskad usulidagi o‘quv-seminarlarga jalb etishda muhim drayver bo‘lib xizmat qiladi.
Asosiy maqsadimiz psixologlarni metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash va har bir ta’lim muassasasida sog‘lom, xavfsiz hamda qulay psixologik muhitni shakllantirishga hissa qo‘shishdir. Mazkur seminar aynan shu yo‘ldagi navbatdagi muhim amaliy bosqichdir”, — dedi Shaxzodbek Kurbaniyazov.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy ta’lim agentligi direktori o‘rinbosari Shixnazar Sharofaddinov kasbiy ta’lim tizimida psixologik xizmat sifatini oshirish, o‘quvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda hududlarda yagona metodik yondashuv asosida ishlarni davom ettirish muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

“Davlatimiz rahbari tomonidan 2030-yilga qadar bitiruvchilarning 50 foizini kasbiy ta’lim bilan qamrab olish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berilgan. Bu, o‘z navbatida, yuz minglab yoshlarning qiziqishlari, qobiliyatlari va individual imkoniyatlarini aniqlash, ularni to‘g‘ri kasbga yo‘naltirish hamda kelajakdagi faoliyatiga ongli ravishda tayyorlash zaruratini yuzaga keltiradi.
Bunday jarayonda psixologlarning o‘rni beqiyos. Chunki kasbga yo‘naltirish faqat ma’lum bir yo‘nalishni tavsiya qilish bilan cheklanmaydi. Bu har bir yoshning ichki salohiyati, qiziqishi, ruhiy holati va ijtimoiy moslashuvini chuqur o‘rganishni talab qiladigan mas’uliyatli jarayondir.
Yaqin kunlarda mazkur ishlarning amaliy davomi sifatida Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi bilan hamkorlikda kasbiy ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan 29 nafar trener-psixolog tayyorlandi. Endilikda ushbu jarayonlar kaskad usulida davom ettirilib, hududlardagi psixologlarning kasbiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Kasbiy ta’lim agentligi mazkur seminarlarni tashkil etishdagi tashabbusi va metodik ko‘magi uchun Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markaziga minnatdorlik bildiradi. Kelgusida ham yoshlarni kasbga yo‘naltirish, psixologik qo‘llab-quvvatlash va kasbiy ta’lim muassasalarida sog‘lom muhitni shakllantirish borasidagi hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyormiz”, — dedi Shixnazar Sharofaddinov.
Ta’kidlash lozimki, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan seminarlar davomida psixologlarning profilaktik, diagnostik va korreksion ishlarni tashkil etish, muammoli vaziyatlarni barvaqt aniqlash, inklyuziv yondashuvlarni amaliyotga joriy etish, ota-onalar hamda pedagoglar bilan samarali hamkorlik qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalari mustahkamlandi.

Mazkur o‘quv-seminarlar yakunida jami 848 nafar trener tayyorlandi. Ularning 398 nafari maktabgacha ta’lim tashkilotlari psixologlari, 421 nafari umumiy o‘rta ta’lim muassasalari psixologlari, 29 nafari esa Kasbiy ta’lim agentligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan alohida o‘quv-seminarda tayyorlangan kasbiy ta’lim tizimi psixologlaridan iborat.
Tadbir davomida maktabgacha, maktab va kasbiy ta’lim psixologlarini kasbiy rivojlantirish hamda metodik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha navbatdagi vazifalar muhokama qilindi. Xususan, hududiy trenerlar faoliyatini tizimli tashkil etish, treninglarni o‘tkazish tartibi, taqdimot va qo‘llanmalardan samarali foydalanish, monitoring hamda hisobot yuritish mexanizmlari yuzasidan tavsiyalar berildi.
Ushbu jarayon doirasida hududlardagi ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan psixologlarni bosqichma-bosqich qamrab olish nazarda tutilgan. Jumladan, maktabgacha ta’lim tizimidagi 3 000 dan ortiq, umumiy o‘rta ta’lim tizimidagi 11 000 dan ortiq hamda kasbiy ta’lim tizimidagi 800 dan ortiq psixolog kaskad usulidagi o‘quv-seminarlarga jalb etiladi.

Amaliy muhokamalarga boy tarzda o‘tgan seminar yakunida hududiy mas’ullar hamda trener-psixologlarga joylarda treninglarni samarali o‘tkazish uchun zarur metodik materiallar, taqdimotlar va hisobot shakllaridan foydalanish yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Mazkur seminar ta’lim muassasalarida psixologik qo‘llab-quvvatlash tizimining uzluksizligini ta’minlash, hududlarda psixologlarning kasbiy salohiyatini oshirish hamda sog‘lom, xavfsiz va qulay ta’lim muhitini shakllantirish yo‘lida muhim amaliy bosqich bo‘lib xizmat qiladi.