
Joriy yilning 30-yanvar kuni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi “Mehrli maktab” davlat ta’lim muassasasida pedagog kadrlarni psixologik qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan seminar-trening tashkil etildi.
Seminardan ko‘zlangan maqsad sohadagi mavjud islohotlarni jadallashtirish va ta’lim jarayoni ishtirokchilari uchun qulay psixologik sharoit yaratish hisoblanadi.

Tadbirning ochilish qismida ta’limda psixologik yondashuvlarni takomillashtirish va pedagoglar orasida sog‘lom muhitni shakllantirish masalalarining ahamiyatiga to‘xtalib o‘tildi.
Seminarning asosiy qismida Oriental universiteti “Karyera markazi” rahbari Nuriddin Ubaydullayev “Hayotiy muvozanat: Pedagogning ichki dunyosi” mavzusida ma’ruza qildi. Mashg‘ulot davomida pedagoglarning kasbiy so‘nishini oldini olish va ichki muvozanatni saqlashning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan mutaxassislar bilan fikr almashdilar.