
Joriy yilning 29-yanvar kuni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va Maktabgacha hamda maktab ta’limi vazirligi hamkorligida Jizzax shahridagi 31-sonli umumta’lim maktabida “Ta’limda psixologik farovonlikni birga yaratamiz” mavzusida o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari va oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan psixologlar hamda professor-o‘qituvchilar ishtirok etdilar.

Seminar ta’lim tizimida psixologik xizmat samaradorligini oshirish, mutaxassislarning kasbiy salohiyatini muntazam rivojlantirish hamda ta’lim jarayoni ishtirokchilarini psixologik jihatdan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratildi.
O‘quv-seminar davomida Jizzax davlat pedagogika universiteti psixologiya o‘qituvchisi Qobilova Nasiba Ismatjon qizi maktabgacha ta’lim psixologlari uchun mo‘ljallangan “Diagnostika va diagnostika metodlari” mavzusida ma’ruza qildi.
Shuningdek, Jizzax davlat pedagogika universiteti psixologiya o‘qituvchisi Baratullayeva Dilnoza Xabibullo qizi maktab va oliy ta’lim psixologlari uchun “Diagnostika va diagnostika metodlari” mavzusida o‘z bilim va amaliy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Ma’ruzalar jarayonida o‘quvchilarning yosh va individual psixologik xususiyatlarini inobatga olish, ta’lim muassasalarida sog‘lom psixologik muhitni shakllantirish hamda turli inqirozli holatlarning oldini olish yuzasidan ilmiy-amaliy tavsiyalar berildi.
Ta’kidlash lozim, bu kabi seminarlar hududlarda ham tizimli ravishda tashkil etilib, unda ishtirok etgan psixologlar o‘z orttirgan bilim va tajribalarini hududlardagi hamkasblari bilan bo‘lishadilar.