Maktabgacha taʼlim tashkilotlari psixologlari malakasi oshirildi

28.11.2025

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PF–16-son Farmonida taʼlim jarayoni ishtirokchilarini psixologik qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish boʻyicha vazifalar belgilab berilgan.

Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida joriy yilning 27–28-noyabr kunlari Toshkent shahrida Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktorlari va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti hamkorligida maktabgacha taʼlim psixologlari uchun oʻquv-seminar o‘tkazildi.

Unda mamlakatimizning turli hududlaridan 170 nafar maktabgacha taʼlim psixologlari hamda 22 nafar trenerlar ishtirok etdi. Mashg‘ulotlar 5 ta oʻzbek va 1 ta rus guruhlarida, respublikamizning nufuzli oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari va amaliyotchi psixologlari ishtirokida tashkil etildi.

Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad maktabgacha taʼlim psixologlarining bilim va koʻnikmalarini zamonaviy yondashuvlar orqali rivojlantirish bo‘lib, xususan:

– Psixologlarning huquqiy va axloqiy masʼuliyatini oshirish;

– Ulardagi kasbiy soʻnishning oldini olish;

– Stresslarga bardoshlilik darajasini yaxshilash; 

– Zamonaviy metodlar orqali kasbiy faoliyatni takomillashtirishdan iborat.

O‘quv seminarining birinchi kunida ishtirokchilarga “Bolalarning yosh xususiyatlari asoslari”, “Maktabgacha yoshdagi bolalarning kognitiv faoliyati asoslari”, “Maktabgacha yoshdagi bolalarda psixologik xususiyatlar, psixosomatika”, “Diagnostika va diagnostika metodlari”, shuningdek, “Proyektiv metodikalar va ularni qoʻllash amaliyoti”, “Korreksiya va korreksion metodikalar”, “Art-terapiya metodlari” kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qilindi.

Bundan tashqari, Taʼlimni rivojlantirish markazi tomonidan ishga tushirilgan “Psixologik yordam” platformasi taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu platformada maktabgacha va maktab taʼlimi ishtirokchilari uchun 170 dan ortiq foydali raqamli resurslar, jumladan, bolalar uchun neyrogimnastika mashgʻulotlari, aqliy va kognitiv rivojlanishni qoʻllab-quvvatlovchi materiallar jamlangan.

Jarayonlarning ikkinchi kunida esa ishtirokchilar “Neyropsixologiya”, “Bogʻliqlik nazariyasi”, “Ota-onalar bilan hamkorlik. Ota-onalar majlislari ssenariylari”, “Profilaktika: kasbiy va hissiy soʻnish, stresslarga bardoshlilik” hamda “Taʼlim ishtirokchilari uchun treninglarni shakllantirish”, “Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida inklyuziv guruhlarni tashkil etish” kabi mavzularda o‘zaro bilim va tajriba almashdilar.

Ikki kun davom etgan 26 soatlik malaka oshirish kursi doirasida maʼruza va amaliy mashgʻulotlar olib borildi.

Seminarlar yakunida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi masʼullari hamda maktabgacha ta'lim tashkilotlari psixologlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ochiq, samimiy va konstruktiv ruhda kechgan muloqot davomida mutasaddilar va mutaxassislar o‘rtasida maktabgacha ta'lim tashkilotlarida ta’lim-tarbiya muhitini yanada yaxshilash, tarbiyachilar va psixologlarning kasbiy motivatsiyasini oshirishga doir qator masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, eng faol ishtirokchilar hamda trenerlarga tegishli sertifikatlar taqdim etildi.

Taʼkidlash lozim, bunday tadbirlar oʻqituvchi va psixologlarning raqamli kompetensiyalarini rivojlantirish, ularning kasbiy faoliyatini zamonaviy axborot texnologiyalari asosida takomillashtirish hamda oʻquvchilarning ruhiy salomatligini qoʻllab-quvvatlash tizimini mustahkamlashga xizmat qiladi