
Joriy yilning 27-noyabr kuni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi rahbariyati hamda dunyoning yetakchi ilmiy resurs provayderlaridan biri bo‘lgan EBSCO kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida sifatli raqamli resurslar va materiallardan foydalanish imkoniyatini oshirish hamda bu yo‘nalishda amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.

Mazkur tashabbus o‘quvchilarda tadqiqot olib borish ko‘nikmalari, ilmiy-analitik fikrlash va raqamli savodxonlikni rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
EBSCO ilmiy jurnallar, elektron kitoblar, raqamli arxivlar va akademik kontentga onlayn kirish uchun samarali qidiruv vositalarini taqdim etuvchi dunyoning yetakchi ma’lumotlar bazasi provayderi hisoblanadi.

Kompaniya resurslari tarkibida turli foydalanuvchi guruhlari uchun mo‘ljallangan 400 dan ortiq ilmiy-izlanish bazalari mavjud bo‘lib, ular orasida to‘liq matnli nashrlar ham, ilmiy ma’lumotlarni izlashda muhim bo‘lgan manbalar ham mavjud.
Tomonlar kelgusida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini ko‘rib chiqib, maktab ta’limi sohasida ilmiy tadqiqot faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.