
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PF–16-son Farmonida taʼlim jarayoni ishtirokchilarini psixologik qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish boʻyicha vazifalar belgilab berilgan.
Mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktorlari va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti hamkorligida joriy yilning 27–28-noyabr kunlari “Maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi psixoemotsional holatdagi muammolar va ularni oldini olish, shuningdek tarbiyalanuvchilar shaxsiyatini shakllantirish” mavzusida oʻquv-seminar oʻtkazilmoqda.

Tadbirdan koʻzlangan maqsad maktabgacha taʼlim psixologlarining huquqiy va axloqiy masʼuliyatini oshirish, ulardagi kasbiy soʻnishning oldini olish, stresslarga bardoshlilik darajasini yaxshilash, zamonaviy yondashuvlar va metodlar orqali ularning bilim va koʻnikmalarini rivojlantirish hisoblanadi.
Tadbirning ochilish qismida soʻz olgan Taʼlimni rivojlantirish markazi direktori Yuliya Risyukova bunday tadbirlar sohada tajriba almashish, aniq yechimlarni muhokama qilish va yangi tashabbuslarni belgilash uchun muhim maydon boʻlib xizmat qilishini taʼkidladi.

“Bugungi oʻquv-seminar maktabgacha taʼlim tizimida psixologik xizmat sifatini ilmiy-metodik asosda yanada yaxshilash, bolalarning psixoemotsional farovonligini taʼminlash va pedagogik jarayonlarda psixologik qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini mustahkamlashda muhim qadam boʻladi.
Mazkur kurs psixolog-trenerlar uchun zarur boʻlgan zamonaviy ilmiy-amaliy bilim va kompetensiyalarni rivojlantirishga xizmat qiladi, degan umiddamiz. Ikki kunlik oʻquv-seminar natijasida maktabgacha taʼlim tizimidagi 3 ming nafardan ortiq psixologlarni kaskad usulida oʻqitish jarayoniga zamin yaratiladi.
Psixologlar uchun yaratilgan 20 dan ortiq metodik resurslar, jumladan, diagnostika, psixosomatika, neyropsixologiya, kasbga yoʻnaltirish, korreksiya va profilaktika, trening dasturlari va ota-onalar uchun resurslar amaliyotda yaxshi samara berishiga ishonamiz”, – dedi Yuliya Risyukova.
Shuningdek, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining birinchi oʻrinbosari Sherzod Karimov ushbu tashabbusning dolzarbligini taʼkidlab, quyidagi fikrlarni bildirdi:

“Biz kelajak avlod vakillarini tayyorlar ekanmiz, bolalarning psixoemotsional holatini nazorat qilish va qoʻllab-quvvatlash, hattoki ota-onalardan ham koʻra maktabgacha taʼlim tarbiyachilari hamda psixologlariga bogʻliq.
Bu yerga yigʻilgan ishtirokchilarning har biri alohida tajriba va alohida bilim manbai hisoblanadi. Shunday ekan, bu kabi seminarlar davomida yigʻilgan fikrlar va takliflar mamlakatimiz taʼlim tizimining yanada takomillashishiga xizmat qiladi.
Shunday ekan, maktabgacha taʼlim tizimidagi psixoemotsional muhitni sogʻlomlashtirish boʻyicha bugun amalga oshirilayotgan tashabbuslar ertangi kunimiz poydevori boʻlgan bolalarimizning barkamol shaxs sifatida voyaga yetishiga xizmat qiladi.
Mazkur oʻquv-seminar nafaqat psixologlarimizning kasbiy salohiyatini oshiradi, balki maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bolalar bilan ishlashda zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish uchun mustahkam bilim va koʻnikmalarni taqdim etadi.
Shu bois, pedagog va psixologlarning hamkorlikda faoliyat yuritishi, bolalarning emotsional farovonligi hamda ruhiy barqarorligini taʼminlash borasida yuksak natijalar berishiga ishonaman”, – dedi Sherzod Karimov.

Seminarda 5 ta oʻzbek va 1 ta rus guruhlarida mahorat darslari tashkil etilib, unda mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 170 nafar maktabgacha taʼlim psixologlari hamda 22 nafar trenerlar ishtirok etmoqda.
Bunda ishtirokchilarga respublikamizning nufuzli oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari va amaliyotchi psixologlari tomonidan 2 kun davomida 26 soatlik malaka oshirish kursi doirasida maʼruza va amaliy mashgʻulotlar olib boriladi.

Xususan, seminarning birinchi kunida “Bolalarning yosh xususiyatlari asoslari”, “Maktabgacha yoshdagi bolalarning kognitiv faoliyati asoslari”, “Maktabgacha yoshdagi bolalarda psixologik xususiyatlar, psixosomatika”, “Diagnostika va diagnostika metodlari” shuningdek, “Proyektiv metodikalar va ularni qoʻllash amaliyoti”, “Korreksiya va korreksion metodikalar”, “Art-terapiya metodlari” kabi dolzarb mavzularda maʼruzalar qilinadi.
Jarayonlarning ikkinchi kunida esa “Neyropsixologiya”, “Bogʻliqlik nazariyasi”, “Ota-onalar bilan hamkorlik. Ota-onalar majlislari ssenariylari”, “Profilaktika: kasbiy va hissiy soʻnish, stresslarga bardoshlilik” hamda “Taʼlim ishtirokchilari uchun treninglarni shakllantirish”, “Maktabgacha taʼlim tashkilotlarida inklyuziv guruhlarni tashkil etish” kabi mavzularda oʻzaro bilim va tajriba almashiladi.

Taʼkidlash lozim, Taʼlimni rivojlantirish markazi tomonidan “Psixologik yordam” platformasi ishga tushirilgan boʻlib, quyidagi yoʻnalishlarda xizmat koʻrsatmoqda:
– Interfaol testlar va oʻquv dasturlari orqali psixologlar va oʻqituvchilarning amaliy malakasini oshirish;
– Psixologik ssenariylar yordamida oʻquvchilarning ruhiy salomatligini baholash va qoʻllab-quvvatlash;
– Elektron kutubxona va meʼyoriy-huquqiy hujjatlar bazasi orqali metodik resurslarga erkin kirish;
– Simulyatsiya va amaliy keyslar orqali real vaziyatlarni modellashtirish imkoniyati.

Platformaga maktabgacha taʼlim ishtirokchilari (tarbiyachilar, psixologlar va ota-onalar) va umumiy oʻrta taʼlim ishtirokchilari (oʻqituvchilar, psixologlar va ota-onalar) uchun 170 dan ortiq turli formatdagi foydali raqamli resurslar joylangan.
Shuningdek, platformadagi “Psixologik qoʻllab-quvvatlashga oid resurslar” boʻlimida bolalar uchun neyrogimnastika mashgʻulotlari, aqliy va kognitiv rivojlanishni qoʻllab-quvvatlovchi materiallar jamlangan.

Bunday tadbirlar oʻqituvchi va psixologlarning raqamli kompetensiyalarini rivojlantirish, ularning kasbiy faoliyatini zamonaviy axborot texnologiyalari asosida takomillashtirish hamda oʻquvchilarning ruhiy salomatligini qoʻllab-quvvatlash tizimini mustahkamlashga xizmat qiladi.