
Joriy yilning 27-mart kuni Namangan viloyatida Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamkorligida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari pedagoglari uchun metodik marafon tashkil etildi.
Mazkur metodik marafon pedagoglarning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, ularga metodik yordam ko‘rsatish hamda ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Tadbir orqali ilg‘or pedagogik tajribalarni ommalashtirish, o‘qituvchilarni xalqaro baholash dasturlariga tayyorlash hamda ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiluvchi metodik mexanizmlarni mustahkamlash maqsad qilingan.

Metodik marafon doirasida mashg‘ulotlar bir nechta muhim yo‘nalishlar kesimida tashkil etildi. Jumladan, tabiiy-ilmiy savodxonlik, matematik savodxonlik, o‘qish savodxonligi hamda boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha alohida mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Har bir yo‘nalishda tajribali metodistlar, oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari hamda amaliyotchi pedagoglar faol ishtirok etdi. Shuningdek, respublikamizning barcha hududlaridan pedagoglar onlayn formatda faol ishtirok etib, metodik marafonning qamrovini yanada kengaytirdi.
Xususan, dastur doirasida biologiya fanini o‘qitishda zamonaviy ta’lim texnologiyalaridan foydalanish, transchegaraviy daryolarni O‘rta Osiyo misolida o‘rganish, matematika darslarida kombinatorika elementlarini “Flipped classroom” metodi asosida o‘qitish hamda funksional savodxonlikni rivojlantirishga oid mavzular qamrab olindi.

O‘qish savodxonligi yo‘nalishida ona tili va adabiyoti darslarida o‘quvchilarda hayotiy kompetensiyalarni shakllantirish, mustaqil fikrlashni rivojlantirish hamda interaktiv platformalardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi. Boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishida esa badiiy matn ustida ishlash, o‘qish darslarida kreativ fikrlashni rivojlantirishga qaratilgan interaktiv metodlar bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar yangi metodik yondashuvlar bilan tanishish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish hamda o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Amaliy tavsiyalar esa pedagoglarning kundalik faoliyatida qo‘llash uchun muhim metodik asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mazkur metodik marafon pedagoglarning zamonaviy metodik yondashuvlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, dars samaradorligini oshirish, o‘quvchilarning funksional savodxonligini rivojlantirish hamda ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.