
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturida ta’lim jarayoni ishtirokchilarini psixologik qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish boʻyicha vazifalar belgilab berilgan.
Davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida, joriy yilning 27-yanvar kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda Maktabgacha va maktab taʻlimi vazirligi hamkorligida Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi 131-sonli maktabda “Taʼlimda psixologik farovonlikni birga yaratamiz” mavzusidagi o‘quv-seminar tashkil etildi.
Tadbirda maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumiy oʻrta taʼlim maktablari hamda oliy taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan psixologlar va professor-oʻqituvchilar ishtirok etishdi.
Mazkur seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad ta’lim tizimida psixologik xizmat ko‘rsatish samaradorligini oshirish, psixologlarning kasbiy kompetensiyalarini uzluksiz rivojlantirish hamda ta’lim jarayoni ishtirokchilarini psixologik qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishdan iboratdir.
Tadbirning ochilish qismida so‘z olgan Ta’limni rivojlantirish markazi direktori o‘rinbosari Shahzodbek Kurbaniyazov bu kabi tadbirlar psixologlarning kasbiy salohiyatini oshirish orqali ta’lim muassasalarida sog‘lom, ishonchli va mehrga asoslangan muhitni shakllantirishda muhim omil bo'lib xizmat qilishini ta'kidladi.

“Ta’lim tizimining markazida inson turar ekan, uning ruhiy olami va psixologik xotirjamligi biz uchun har doim eng ustuvor vazifa hisoblanadi.
Bugungi kunda maktab va bog‘chalardagi psixologlar shunchaki kuzatuvchi emas, balki ta’lim sifati va tarbiya jarayonining faol hamkoriga, o‘quvchi qalbining haqiqiy himoyachisiga aylanishlari zarur.
Ushbu seminarimizning asosiy maqsadi ham aynan sizlarning kasbiy salohiyatingizni oshirish orqali ta’lim muassasalarida sog‘lom, ishonchli va mehrga asoslangan muhitni shakllantirishdir.
Chunki o‘quvchi o‘zini ruhiy jihatdan xavfsiz va erkin his qilsagina, uning intellektual qobiliyati to‘la ochiladi hamda bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqi ortadi.
Ishonamanki, bugungi muloqotimiz va hamkorligimiz natijasida har bir maktabda "psixologik farovonlik" tushunchasi shior emas, balki amaldagi yorqin haqiqatga aylanadi”, – dedi Shahzodbek Kurbaniyazov.
Shuningdek, O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi direktori o‘rinbosari Mashhurbek Xoldorov psixologlarning yuqori malakaga ega bo'lishi nafaqat ta'lim muhiti balki bolalar va o'quvchilarning ruhiy salomatligida ham muhim ahamiyatga ega ekanligini ta'kidladi.

“Bugungi murakkab davr har bir maktab psixologidan shunchaki nazariy bilim emas, balki yuksak kasbiy malaka va o‘tkir pedagogik sezgirlikni talab qilmoqda.
Faqatgina o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan mutaxassisgina o‘quvchilarning ruhiy farovonligini ta’minlab, ularda ichki barqarorlik va o‘ziga bo‘lgan ishonchni shakllantira oladi.
Biz shuni chuqur anglashimiz kerakki, ruhiy jihatdan sog‘lom va emotsional barqaror bola har qanday tashqi tahdidga, jumladan, turli axborot xurujlariga qarshi eng mustahkam immunitetga ega bo‘ladi.
Shu bois, maktab psixologining yuqori malakasi bu nafaqat uning shaxsiy yutug‘i, balki o‘quvchilarni turli manipulyatsiya va yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilishning eng samarali vositasidir.
Sizlarning o‘z ustingizda tinimsiz ishlashingiz va kompetensiyangizni oshirib borishingiz farzandlarimizning xavfsiz va yorug‘ kelajagi uchun qo‘yilgan eng katta qadamdir”, – dedi Mashhurbek Xoldorov.Seminar davomida soha yetakchilari tomonidan dolzarb mavzularda qiziqarli ma’ruzalar o‘qildi. Xususan, Toshkent shahridagi A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti filiali “Maktabgacha ta’lim” kafedrasi katta o‘qituvchisi Samira Raximova ham o‘quvchilarining yosh xususiyatlarini o‘rganish muammosi bugungi kunda nafaqat ota-onalar, balki maktab o‘qituvchilari uchun ham dolzarb ekanligi, ular o‘zlarining pedagogik faoliyatini samarali amalga oshirish uchun psixolog bo‘lishlari zarurligi hamda bolalarning yoshga oid rivojlanish qonuniyatlarini bilishlari va har bir bolaning individual xususiyatlarini aniqlay olishlariga bog‘liqlig haqida fikr bildirdilar.

Shuningdek, Toshkent viloyati pedagogik mahorat markazi “Pedagogika, psixologiya va ta’lim texnologiyalari” kafedrasi katta o‘qituvchisi Shoxida Urakova “Bolalarning yosh xususiyatlari asoslari” mavzusida chuqur tahliliy ma’ruza qildi.
Ma’ruzachilar o‘quvchilarning yosh va individual psixologik xususiyatlarini hisobga olish, ta’lim muassasalarida sog‘lom muhit yaratish hamda inqirozli vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar berdilar.

Bu kabi seminarlar hududlarda ham tizimli ravishda tashkil etilib, unda ishtirok etgan psixologlar o‘z orttirgan bilim va tajribalarini hududlardagi hamkasblari bilan bo‘lishadilar.