
Ma’lumki, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan pedagoglarning kasbiy mahoratini uzluksiz rivojlantirish, ularni metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish maqsadida “Metodik marafon” tadbirlari muntazam tashkil etib kelinmoqda.
Joriy yilning 26-mart kuni Sirdaryo viloyatida Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Sirdaryo viloyati pedagogik mahorat markazi hamkorligida navbatdagi “Metodik marafon” tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirning ochilish qismida Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori Shahzodbek Kurbaniyazov so‘zga chiqib, metodik marafon pedagoglar uchun o‘zaro tajriba almashish, ilg‘or yondashuvlarni o‘rganish va ta’lim samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi muhim maydon ekanini ta’kidladi.

Marafondan koʻzlangan asosiy maqsad umumiy oʻrta taʻlim tashkilotlarida oʻquv-tarbiya jarayoniga innovatsion pedagogik texnologiyalarni, oʻqitishning samarali shakl va usullarini keng joriy etishdan iborat boʻldi.
Tadbir doirasida matematik savodxonlik, tabiiy-ilmiy savodxonlik, oʻqish savodxonligi hamda boshlangʻich taʻlim yoʻnalishlari boʻyicha alohida shoʻbalar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Har bir yoʻnalishda tajribali trener-oʻqituvchilar, metodistlar, professor-oʻqituvchilar va amaliyotchi pedagoglar ishtirok etdi.

Shuningdek, hududlardan turib pedagoglar videokonferensiya formatida faol qatnashib, mashg‘ulotlarda keng qamrovli ishtirokni ta’minladilar.
Joriy yilgi metodik marafonning yana bir muhim jihati shundaki, unda nafaqat mahalliy mutaxassislar, balki xorijiy ekspertlar ham qatnashdi. Bu esa tadbir mazmunini yanada boyitib, xalqaro tajribalarni o‘rganish hamda ilg‘or yondashuvlarni milliy ta’lim amaliyotiga uyg‘unlashtirish imkonini kengaytirdi.

Xususan, marafonning birinchi kuni Qozog‘iston Respublikasining Turkiston viloyati bo‘yicha kasbiy taraqqiyot instituti filiali direktori, pedagogika fanlari nomzodi Baktibayeva Kulizat Sag‘ngaliyevna ishtirok etib, metodik marafon ishiga omad tiladi.
Shuningdek, Turkiston viloyati Y.Izzatullayev nomli umumta’lim maktab kommunal davlat mahkamasining o‘zbek tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi, pedagogika fanlarining magistri Omarbayeva Nulifar Dilmuratovna o‘z maruzasi bilan qatnashib, “O‘quvchilarda qunt bilan o‘qish ko‘nikmasini shakllantirish usullari” mavzusida ma’ruza qildi hamda o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Bu esa metodik marafonning xalqaro hamkorlik ruhida tashkil etilganini yana bir bor tasdiqladi.

Marafon dasturida, shuningdek, raqamli muhitda oʻsmirlarning psixologik immunitetini rivojlantirish, hayotiy matematika, kasrlar va funksiyalarni oʻqitishda zamonaviy yondashuvlar, xalqaro tadqiqotlar doirasida tabiiy-ilmiy savodxonlikni rivojlantirishga oid mavzular qamrab olindi.
Shuningdek, tabiiy fanlarni oʻqitishda kreativ fikrlashni rivojlantiruvchi interaktiv metodlar, ona tili va adabiyot darslarida mustaqil oʻqish va yozish koʻnikmalarini zamonaviy vositalar asosida rivojlantirish yoʻllari, STEAM yondashuvi va sunʻiy intellekt vositalari orqali oʻquvchilarning mantiqiy fikrlash kompetensiyalarini shakllantirish masalalari ham muhokama qilindi.

Boshlangʻich taʻlim yoʻnalishida geometrik shakllar tushunchasini singdirishda diqqatni boshqarish hamda matematikada maʻlumotlar bilan ishlashning sodda va samarali usullari boʻyicha mashgʻulotlar tashkil etildi.
Mazkur metodik marafon pedagoglarning zamonaviy metodik yondashuvlar boʻyicha bilim va koʻnikmalarini mustahkamlash, dars samaradorligini oshirish, oʻquvchilarning funksional savodxonligini rivojlantirish hamda taʻlim sifatini oshirishga xizmat qildi.