Joriy yilning 9-iyul kuni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi rahbariyati Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida Markaz vakillari universitetda ta’lim jarayonini raqamlashtirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, raqamli ta’lim resurslarini yaratishga mo‘ljallangan studiya hamda zamonaviy o‘quv va amaliyot xonalari faoliyati bilan tanishdi.


Shundan so‘ng tomonlar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ta’lim tizimiga sun’iy intellekt va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, pedagoglarning raqamli kompetensiyalarini oshirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, shuningdek, raqamli ta’lim resurslarini yaratish masalalari muhokama qilindi.


Tadbir yakunida Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandum doirasida tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikning quyidagi ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi:
– ta’lim sohasida raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish hamda zamonaviy pedagogik, axborot-kommunikatsiya va innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish;
– pedagoglar va ta’lim oluvchilarning raqamli savodxonligi, media madaniyati hamda sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali foydalanish kompetensiyalarini rivojlantirish;
– umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarining sun’iy intellekt, dasturlash, robototexnika va boshqa zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan yozgi ta’lim oromgohlari, mahorat darslari, olimpiadalar va tanlovlarni tashkil etish;
– pedagog xodimlar uchun raqamli pedagogika, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, raqamli xavfsizlik va zamonaviy ta’lim metodikalari bo‘yicha seminarlar, treninglar, mahorat darslari hamda malaka oshirish dasturlarini amalga oshirish;
– elektron o‘quv kurslari, raqamli ta’lim resurslari, multimedia mahsulotlari, virtual laboratoriyalar va sun’iy intellekt asosidagi ta’lim vositalarini ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish;
– raqamli pedagogika, masofaviy va adaptiv ta’lim texnologiyalari, raqamli kompetensiyalarni rivojlantirish yo‘nalishlarida ilmiy-amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish;
– mahalliy va xalqaro konferensiyalar, forumlar, seminarlar, xakatonlar, tanlovlar hamda qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalarni tashkil etish;
– ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, milliy amaliyotga moslashtirish hamda akademik almashinuvni rivojlantirish.
Mazkur memorandum ta’lim, ilm-fan va innovatsion texnologiyalar integratsiyasini kuchaytirish, pedagoglar hamda ta’lim oluvchilarning raqamli kompetensiyalarini oshirish, shuningdek, ta’lim jarayonida sun’iy intellekt va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.