Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi

25.06.2026

Joriy yilning 25-iyun kuni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida ta’lim tizimida kosmik tadqiqotlar, raqamli texnologiyalar, masofadan zondlash, geografik axborot tizimlari, raqamli xaritalash hamda STEM yo‘nalishlarini rivojlantirishga doir qator masalalar muhokama qilindi hamda tomonlar o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandum doirasida maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tizimida zamonaviy ilmiy-metodik yondashuvlarni joriy etish, pedagoglar va o‘quvchilarning kosmik hamda raqamli texnologiyalar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan quyidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi:

– fizika, geografiya, informatika, tabiiy fanlar, texnologiya va STEM yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv dasturlari hamda metodik resurslarni takomillashtirish;

– sun’iy yo‘ldosh tasvirlari, raqamli xaritalar, geoma’lumotlar va vizual modellashtirish vositalaridan ta’lim jarayonida foydalanish bo‘yicha metodik tavsiyalar ishlab chiqish;

– pedagoglar, metodistlar va ta’lim sohasi mutaxassislari uchun seminarlar, treninglar, mahorat darslari va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etish;

– o‘quvchilar uchun tanlovlar, olimpiadalar, hackathonlar, startap tashabbuslari va ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish;

– ta’lim muassasalarida “kosmik ta’lim”, “raqamli xaritalash” va “yosh tadqiqotchi” yo‘nalishlaridagi to‘garak va klublarni rivojlantirish;

– xalqaro tajribani o‘rganish hamda uni milliy ta’lim tizimiga moslashtirish;

– qo‘shma ilmiy-tahliliy, metodik va amaliy loyihalarni amalga oshirish.

Mazkur hujjat ta’lim, fan va amaliyot o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirish, o‘quvchilarning zamonaviy ilm-fan va texnologiyalarga qiziqishini oshirish, ularni kelajak kasblariga yo‘naltirish hamda ta’lim jarayonida kosmik va raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.