Milliy o‘quv dasturini takomillashtirish doirasidagi navbatdagi seminar-trening o‘tkazilmoqda

23.02.2026

Joriy yilning 23-fevral – 2-mart kunlari poytaxtimizda Milliy o‘quv dasturini takomillashtirish doirasidagi navbatdagi seminar-trening o‘tkazilmoqda.

Tadbirning ochilish marosimida Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi boshqarma boshlig‘i D. Norboyeva,  Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori Sh. Kurbanniyozov, UNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ta’lim bo‘limi rahbari Alberto Biankoli hamda Cambridge University Press & Assessment tashkiloti o‘quv dasturlarini ishlab chiqish loyihalari boshqaruvchilari Rebecca Watkins-Wright va Aman Sidhular ma'ruza qilishdi. 

So‘zga chiqqanlar o‘quvchilarda XXI asr ko‘nikmalarini shakllantirish va o‘qitish metodikasini ilg‘or tajribalar asosida boyitish masalalariga alohida urg‘u berdilar.

Mazkur seminar-treninglar Cambridge University Press & Assessment tashkilotining 10 nafar yetakchi konsultanti tomonidan olib boriladi. Mashg‘ulotlar davomida Milliy o‘quv dasturini xalqaro talablar, shuningdek unga qadriyatlar, kompetensiyalar hamda o‘zaro kesishuvchi mavzularni qanday integratsiya qilish nuqtayi nazaridan yana bir marta ko‘rib chiqiladi.

Ma'lumot o‘rnida: xorijiy hamda mahalliy mutaxassislar ishtirokida boshlang‘ich ta‘lim bosqichi uchun 17 ta, tayanch o‘rta ta'lim bosqichi uchun 25 ta va o‘rta ta'lim bosqichi uchun 21 ta fan o‘quv dasturi ramkalari ishlab chiqildi. 

Ayni damda mazkur o‘quv dasturlari xorijiy konsultantlar ishtirokida takomillashtirilmoqda.

Trening jarayonlari 2-martga qadar davom etadi.