
Joriy yilning 21-may kuni Raqamli texnologiyalar vazirligida o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishi hamda onlayn ta’lim uchun raqamli yechimlarni takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan maslahatlashuv seminari bo‘lib o‘tdi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi va YUNESKO tomonidan tashkil etilgan tadbirda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, GPE Transforming Education, Arab Coordination Group hamda Islom taraqqiyot banki vakillari, raqamli texnologiyalar yo‘nalishidagi mutaxassislar hamda manfaatdor tomonlar bilan bir qatorda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi xodimlari ham qatnashdi.

Tadbirning ochilish qismida Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktorining o‘rinbosari Anvarjon Maxmudov kirish nutqi bilan ishtirok etdi. Unda raqamli ta’limning bugungi kundagi dolzarbligi, o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirishda zamonaviy yondashuvlardan foydalanish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari alohida ta’kidlandi.

Seminar davomida o‘qituvchilar malakasini oshirish tizimidagi mavjud muammolar, kasbiy rivojlanish jarayonida uchrayotgan asosiy to‘siqlar, amaldagi tizimdagi bo‘shliqlar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy yechimlar muhokama qilindi.
Shuningdek, raqamli ta’lim bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalar, UNESCOning tegishli hujjatlari va tashabbuslari taqdim etildi. Ushbu sessiya o‘qituvchilarning onlayn malaka oshirish jarayonlarini xalqaro yondashuvlar bilan solishtirish, mavjud imkoniyat va ehtiyojlarni tahlil qilishga xizmat qildi.

Tadbir doirasida raqamli ta’lim ekotizimini rivojlantirish, siyosiy qarorlar qabul qilish jarayonlarini takomillashtirish, infratuzilma, ta’lim kontenti sifati hamda o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari bo‘yicha fikr va takliflar bildirildi.
Seminar yakunida raqamli ta’limni rivojlantirish, o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro hamkorlik asosida zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etish bo‘yicha takliflarni shakllantirish masalalariga e’tibor qaratildi.