Ta’limda raqamli transformatsiya va pedagoglarning raqamli kompetensiyalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

21.05.2026

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasida umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻquvchilarda kommunikativ koʻnikmalar, tanqidiy va kreativ fikrlash, hamkorlikda ishlash, tadqiqotchilik kabi koʻnikmalarni shakllantirish bo‘yicha vazifalar belgilangan.

Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash hamda pedagoglarning raqamli kompetensiyalarini rivojlantirish maqsadida 21-may kuni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan “Ta’limda raqamli transformatsiya: innovatsion texnologiyalardan samarali foydalanish va pedagoglarning raqamli kompetensiyalarini rivojlantirish” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.

Unda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi vakillari, raqamli ta’lim yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar hamda pedagoglar ishtirok etdi.

Seminarning ochilish qismida Ta'limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori Shahzodbek Kurbaniyazov so'z olib, raqamli resurslardan foydalanish madaniyatini kengaytirish pedagoglarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish va maktablarda innovatsion yondashuvlarni kuchaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

"Bugun biz ta’lim tizimi uchun nihoyatda muhim bo‘lgan masala raqamli transformatsiya, innovatsion texnologiyalar va pedagoglarning raqamli kompetensiyalarini rivojlantirish haqida fikr almashish uchun yig‘ildik.

Raqamli transformatsiya bu faqat maktablarda kompyuter, internet yoki elektron platformalardan foydalanish degani emas. Bu, avvalo, ta’lim jarayonini zamonaviy talablar asosida tashkil etish, dars samaradorligini oshirish va o‘quvchilarda raqamli muhitda ongli harakat qilish ko‘nikmalarini shakllantirishdir.

Shuning uchun bugungi seminar-treningdan asosiy maqsad pedagoglarga tayyor ko‘rsatmalar berish emas, balki ularda raqamli texnologiyalarni ongli, maqsadli va samarali qo‘llash madaniyatini shakllantirishdir.

Bugungi mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar interfaol loyihalar, amaliy keyslar, muammo–yechim–taklif formatidagi muhokamalar orqali o‘z tajribalarini boyitadi. Har bir fikr, har bir taklif va har bir amaliy yechim kelgusida pedagoglarni metodik qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish uchun muhim ahamiyatga ega.

Ishonamizki, bugungi seminar-trening ta’lim jarayonida raqamli resurslardan foydalanish madaniyatini kengaytirish, pedagoglarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish va maktablarda innovatsion yondashuvlarni kuchaytirishga xizmat qiladi", – dedi Shahzodbek Kurbaniyazov.

Mashg‘ulotlar davomida raqamli savodxonlikni oshirish, pedagoglarni zamonaviy texnologik yechimlardan foydalanishga yo‘naltirish, o‘quv-uslubiy materiallar bilan tizimli ta’minlash hamda ta’lim jarayonida innovatsion yondashuvlarni keng qo‘llash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, “Yagona raqamli ta’lim resurslari va xizmatlari” portali orqali “Raqamli savodxonlik: ta’limda innovatsion texnologiyalar” o‘quv-uslubiy qo‘llanmasidan samarali foydalanish imkoniyatlari yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.

Taqdimotda portal orqali pedagoglar uchun zarur bo‘lgan raqamli resurslar, o‘quv-uslubiy materiallar va amaliy qo‘llanmalar bilan ishlash tartibi tushuntirildi. Ushbu platforma dars jarayonini zamonaviy talablar asosida tashkil etish, raqamli vositalardan maqsadli foydalanish va metodik materiallardan qulay foydalanish imkonini berishi qayd etildi.

Amaliy mashg‘ulotlar davomida pedagoglar raqamli texnologiyalarni dars mazmuniga moslashtirish, o‘quvchilar faolligini oshirish, baholash jarayonini interfaol tashkil etish hamda zamonaviy platformalardan foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar oldi.

Tadbirning navbatdagi qismida Mentimeter platformasi yordamida ishtirokchilarning raqamli ko‘nikmalarini interfaol baholash, tezkor fikr-mulohaza olish va auditoriya faolligini oshirish imkoniyatlari amaliy ko‘rsatib berildi.

Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan mutaxassislardan javob oldi. Shuningdek, ta’limda raqamli texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.