
Joriy yilning 20-may kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan boshlang‘ich rus sinflari pedagoglari uchun “Hayotiy pul hisob-kitoblari” mavzusida 3-sinflar uchun matematika fanidan Meet up formatidagi muloqot uchrashuvi tashkil etildi.
Unda respublikaning turli hududlaridan 300 nafardan ortiq pedagog ishtirok etdi. Onlayn shaklda o‘tkazilgan uchrashuv dars ko‘rinishida tashkil etilib, pul hisoblariga oid turli o‘yinlar asosida erkin muloqot va faol bahs-munozaralar ruhida o‘tdi.

Uchrashuv davomida Xorazm viloyati Urganch shahridagi 28-sonli maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Zumrad Nazarova tomonidan moliyaviy savodxonlikni rivojlantirishga qaratilgan amaliy dars namoyish qilindi.
Dars jarayonida o‘quvchilar rolli o‘yinlar, pul bilan ishlash, narxlarni o‘qish va solishtirish, jami xarajatlarni hisoblash kabi mashg‘ulotlar orqali nazariy bilimlarini amaliy faoliyatda mustahkamladilar.

Mazkur topshiriqlar o‘quvchilarda moliyaviy masalalarda mustaqil fikrlash, ishonch bilan qaror qabul qilish, hisob-kitob qilish hamda mantiqiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qildi.
Shuningdek, dars davomida moliyaviy savodxonlikning ahamiyati hamda XXI asr ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan 4K modeli haqida nazariy va amaliy maʼlumotlar berildi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.