Pedagoglar uchun ta’limda innovatsion metodlardan foydalanish bo‘yicha “Meet up” uchrashuvlari tashkil etildi

19.02.2026

Joriy yilning 18–19-fevral kunlari Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan umumiy o‘rta taʼlim maktablari o‘qituvchilari uchun “Meet up” uchrashuvlari tashkil etildi. Tadbirda respublikaning turli hududlaridan 1 500 nafardan ortiq pedagog ishtirok etdi. Uchrashuvlar onlayn shaklda, erkin muloqot hamda faol bahs-munozaralar ruhida o‘tkazildi.

18-fevral kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Buxoro viloyati Peshku tumanidagi 47-maktab fizika fani o‘qituvchisi Mastura Narzullayeva tomonidan “Tabiiy fanlarni o‘qitishda STEAM yondashuv” mavzusida, G‘ijduvon tumanidagi 26-maktabning oliy toifali fizika fani o‘qituvchisi Nilufar Sharipova tomonidan esa “Tabiiy fanlarni STEAM integratsiyasi asosida modernizatsiya qilish va ilg‘or xorijiy tajribalar asosida rivojlantirish texnologiyasi” mavzusida taqdimotlar o‘tkazildi.

Shuningdek, 19-fevral kuni tashkil etilgan mashg‘ulotlarda Toshkent shahri Bektemir tumanidagi 290-umumtaʼlim muassasasi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Gulnoza Xazanova hamda mazkur maktabning maxsus pedagogi Shohista Akbarova “Tabaqalashtirilgan yondashuv” mavzusida o‘z bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Ta’kidlash lozim, bu kabi tadbirlar o‘qituvchilar o‘rtasida tajriba almashish, zamonaviy ta’lim yondashuvlarini joriy etish va ta’lim jarayonining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.