Pedagoglarning raqamli kompetensiyalari va mediasavodxonlik ko‘nikmalarini oshirishga doir raqamli resurslar muhokama qilindi

18.12.2025

Bugungi global axborotlashuv davrida ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalarni integratsiya qilish, pedagoglarning raqamli kompetensiyalarini oshirish hamda ularda mediasavodxonlik ko‘nikmalarini shakllantirish davr talabiga aylanmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PF-16-son farmoni bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi doirasida “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturida taʼlim tizimini isloh qilish hamda sohaga innovatsiyalarni joriy etishga doir ustuvor vazifalar belgilab berilgan.

Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash hamda pedagoglarni zamonaviy talablar asosida metodik qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning 18-dekabr kuni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan “Raqamli pedagogika va mediasavodxonlik: pedagoglar uchun zamonaviy kompetensiyalar” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.

Unda Toshkent shahridagi umumiy o’rta ta’lim maktablarining informatika va axborot texnologiyalari fan o’qituvchilari, metodistlar, doktorantlar, magistrantlar va taʼlim tizimi xodimlari ishtirok etdi.

Seminarning ochilish qismida Ta'limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori o'rinbosari Anvarjon Mahmudov so'z olib, global raqamlashtirish jarayonida o‘quvchilarning axborot bilan ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish va xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

"Hammamizga ma’lumki, bugungi dunyo – texnologiyalar dunyosi. Raqamli tizimlar hayotimizga, ayniqsa, ta’lim tizimiga chuqur kirib keldi.

UNESCO hisobotiga ko‘ra, dunyo aholisining 85 foizi internetdagi yolg‘on axborotdan xavotirda. Afsuski, kattalar va yoshlarning atigi 40 foizi raqamli savodxonlikka ega, xolos. Bu degani, bizning o‘quvchilarimiz “axborot ummoni”da himoyasiz qolmoqda.

Shuningdek, oldimizda turgan PIRLS-2026 tadqiqotlarida ham o‘quvchilarning ma’lumotni qidirib topish, uning ishonchliligini baholash, raqamli matnni tanqidiy tahlil qilish qobiliyati baholanadi.

Bu jarayonda ta’lim mazmunini boyitish bo’yicha amalga oshirilgan ishlarimiz soni ortib bormoqda. Bizning vazifamiz o‘quvchilarni shunchaki darsga emas, balki katta hayotga tayyorlashdir.

O‘ylaymanki, bugungi seminar-treningda o‘rganadigan yangi metodlaringiz aynan shu maqsadga erishishga xizmat qiladi", – dedi Anvarjon Mahmudov.

Shundan so‘ng, Markazning Raqamli savodxonlik va innovatsion texnologiyalarni joriy etish boshqarma boshligʻi Alisher Mamatov so‘zga chiqib, “Yagona raqamli taʼlim resurslari va xizmatlari” portali (raqamlitalim.trm.uz) imkoniyatlari bilan tanishtirdi. Mutaxassis portalga joylashtirilgan “Mediasavodxonlik” interfaol kursi va undan foydalanish tartibi, pedagoglar uchun yaratilgan qulayliklar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Shuningdek, markaz tomonidan ishlab chiqilgan “Mediasavodxonlik bo‘yicha uslubiy qo‘llanma” taqdimoti o‘tkazildi. Mazkur qo‘llanma pedagoglarga dars jarayonlarida media ta’lim elementlarini qo‘llashda yaqindan yordam berishi kutilmoqda.

Seminar shunchaki nazariy ma’lumotlar bilan cheklanib qolmay, qizg‘in amaliy mashg‘ulotlarga ham boy bo‘ldi. Ishtirokchilar interfaol loyihalar asosida tajriba almashib, raqamli pedagogika vositalarini amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalarini mustahkamladilar.

Tadbirning yana bir ahamiyatli qismi bu – baholash jarayonlariga innovatsion yondashuv bo‘ldi. Bunda ishtirokchilarga mediasavodxonlik ko‘nikmalarini interfaol usulda baholash imkonini beruvchi Mentimeter platformasi ishlash tamoyillari namoyish etildi.

Seminar yakunida savol-javob sessiyasi tashkil etilib, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldilar hamda kelgusida raqamli ta’limni rivojlantirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar.

Mazkur seminar-trening pedagoglarning raqamli kompetensiyalarini rivojlantirish, ta’lim tizimiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish va o‘quvchi-yoshlarni axborot asriga tayyorlashda muhim qadam bo‘ldi.