Milliy statistika qoʻmitasi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi

18.09.2025

Joriy yilning 18-sentyabr kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy metodik markazi va Milliy statistika qoʻmitasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi. 

Hujjat taʼlim sohasida maʼlumotlarni tizimli yigʻish, tahlil qilish va qayta ishlashni kuchaytirish, shuningdek, taʼlimga oid tadqiqotlarni hamkorlikda oʻtkazish hamda dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilishni qoʻllab-quvvatlashni nazarda tutadi.

Memorandum doirasida tomonlar quyidagi yoʻnalishlarda hamkorlik qilishga kelishib oldilar:

taʼlimga oid koʻrsatkichlar, metamaʼlumotlar va klassifikatorlarni birxillashtirish, maʼlumotlar almashinuvi uchun xavfsiz integratsiyalarni yoʻlga qoʻyish;

taʼlim sohasi mutaxassislari uchun statistikaga oid qoʻshma treninglar, maʼlumotlarni vizuallashtirish va prognozlash boʻyicha ilgʻor usullarni joriy etish;

oʻqitish sifati, taʼlimdagi tenglik, mehnat bozoriga moslik kabi yoʻnalishlarda qoʻshma tadqiqotlar olib borish;

taʼlimga oid qarorlar ishlab chiqishda tahliliy maʼlumotlarga tayanish.