Joriy yilning 15–17-oktabr kunlari “O‘zbekiston Respublikasida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish” Smart-ED qo‘shma loyihasi doirasida ta’lim natijalarini baholash tizimini takomillashtirishga qaratilgan navbatdagi amaliy seminar o‘tkazildi.
Unda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi, Bilim va malakalarni baholash agentligi, UNICEF Uzbekistan hamda Cambridge University Press & Assessment ekspertlari ishtirok etdi.
Seminar davomida ishlab chiqilayotgan “Ta’lim natijalarini baholashning milliy modeli”ning umumiy tuzilmasi, yozilgan boblarning joriy holati hamda kelgusidagi vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun, “Ta’lim natijalarini baholashning milliy modeli” – umumiy o‘rta ta’lim tizimida baholash siyosatini tizimlashtirish, ta’lim sifatini baholashda yagona yondashuvni belgilash, dalillarga asoslangan qarorlar qabul qilish, milliy va xalqaro darajada qiyosiy tahlil qilish hamda hisobdorlikni oshirish mexanizmlari va metodologik asosini belgilaydigan hujjat hisoblanadi. Ushbu baholash modeli orqali umumiy o‘rta ta’limda o‘quv maqsadlari, pedagogik amaliyot va baholash jarayonlari o‘zaro uyg‘unlashtiriladi.