Bugun, 17-oktyabr kuni Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan UNESCO bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda o‘qituvchilarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish” mavzusida tadbir tashkil etildi. Unda Ta'limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi vakillari ham ishtirok etishdi.
Loyiha doirasida ishtirokchilar tomonidan Pedagogik mukammallik modeli hamda Global modellar bo‘yicha hisobot berildi.
Tadbir davomida Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori v.v.b. Yuliya Risyukova Prezidentimiz tomonidan ta’lim sohasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etilgani va bu yo‘nalishda aniq vazifalar belgilab berilganini qayd etdi.
"Biz tez o‘zgarayotgan zamonda yashayapmiz va bu o‘zgarishlar ta’lim tizimi oldiga yangi talablarni qo‘ymoqda. Mazkur tizim eng taraqqiyotning muhim yo‘nalishlardan biri va aynan shu soha barqaror taraqqiyotning kalitidir.
Bugungi kunga qadar oldimizga qoʻyilgan bir qator maqsadlarga erishgan boʻlsak-da, istiqbolda yechimini kutayotgan masalalar ham yoʻq emas.
Hozirda faoliyatimiz quyidagi yo‘nalishlarda davom etmoqda:
— milliy o‘quv dasturlarini yanada takomillashtirish hamda o‘quv natijalarini baholashga alohida e’tibor qaratish;
— zamonaviy darsliklar va o‘quv-metodik materiallarni yaratish.
Shuningdek, biz muntazam ravishda o‘qituvchilar, psixologlar va pedagoglar uchun malaka oshirish treninglarini o‘tkazib kelmoqdamiz.
Bu ishlarning barchasini xalqaro tashkilotlar ko‘magida amalga oshirmoqdamiz va bu yordam hamda imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildiramiz", — dedi markaz direktori v.v.b.
Shuningdek, tadbir davomida kasbiy rivojlantirishning sifati va dolzarbligini hamda taʼlim sifatini oshirish masalalariga batafsil to‘xtalib o‘tildi.