“Ta’lim ishtirokchilarini psixologik qo‘llab-quvvatlashda raqamli texnologiyalardan foydalanish” mavzusida seminar tashkil etildi

16.10.2025

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PF–16-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston–2030” strategiyasi hamda “Atrof-muhitni asrash va ‘yashil iqtisodiyot’ yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi”da taʼlim jarayoni ishtirokchilarini psixologik qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.

Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan joriy yilning 16-oktyabr kuni “Taʼlim ishtirokchilarini psixologik qoʻllab-quvvatlashda raqamli texnologiyalardan foydalanish” mavzusida seminar tashkil etildi.

Seminarda poytaxtdagi maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining psixologlari, tuman (shahar) taʼlim boʻlimlaridan masʼul mutaxassislar hamda sohaga ixtisoslashgan 60 nafardan ortiq mutaxassislar ishtirok etdi.

Seminarning kirish qismida Taʼlimni rivojlantirish markazi boshqarma boshlig‘i Shahzodbek Kurbaniyazov raqamli vositalardan foydalanish orqali o‘qituvchilar va psixologlarning amaliy faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish zarurligini taʼkidladi.

Shundan so‘ng Taʼlim sohasidagi normativ hujjatlarni ishlab chiqish va joriy etish boshqarmasi boshlig‘i Mexriniso Pardayeva “Taʼlim ishtirokchilarini psixologik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlab chiqilgan resurslarning mazmun-mohiyati” mavzusida maʼruza qildi.

Seminarning navbatdagi qismida Axborot texnologiyalarini joriy etish va taʼlim jarayonlarini raqamlashtirish bo‘limi boshlig‘i Alisher Mamatov “Yagona raqamli taʼlim resurslari va xizmatlari” portali orqali psixologik qo‘llab-quvvatlashga oid resurslardan foydalanish imkoniyatlari haqida maʼlumot berdi.

Ta’kidlash lozim, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan “Psixologik yordam” platformasi ishga tushirilgan bo‘lib, quyidagi yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatadi:

– Interfaol testlar va o‘quv dasturlari orqali psixologlar va o‘qituvchilarning amaliy malakasini oshirish;

– Psixologik ssenariylar yordamida o‘quvchilarning ruhiy salomatligini baholash va qo‘llab-quvvatlash;

– Elektron kutubxona va me’yoriy-huquqiy hujjatlar bazasi orqali metodik resurslarga erkin kirish;

– Simulyatsiya va amaliy keyslar orqali real vaziyatlarni modellashtirish imkoniyati.

Portal xorijiy tajribalar asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda Turkiyaning EBA, Koreyaning EduNET, Xitoyning SmartEDU, Hindistonning DIKSHA, Qozog‘istonning TopIQ va Rossiyaning Resh.edu.ru kabi yirik raqamli ta’lim platformalarining ilg‘or tajribalari o‘rganilgan va moslashtirilgan.Bundan tashqari platformada maktabgacha ta’lim ishtirokchilari (tarbiyachilar, psixologlar va ota-onalar) va umumiy o‘rta ta’lim ishtirokchilari (o‘qituvchilar, psixologlar va ota-onalar) uchun 170 dan ortiq turli formatdagi foydali raqamli resurslar ishlab chiqilgan.

Bu resurslar orqali pedagog va psixologlar o‘z faoliyatini yanada samarali tashkil etish, o‘quvchilar bilan ishlashda raqamli vositalardan keng foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar

Shuningdek, platformadagi “Psixologik qo‘llab-quvvatlashga oid resurslar” bo‘limida bolalar uchun neyrogimnastika mashg‘ulotlari, aqliy va kognitiv rivojlanishni qo‘llab-quvvatlovchi materiallar jamlangan.

Tadbir davomida ishtirokchilar ham sohaga doir o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Bundan tashqari, psixologik qo‘llab-quvvatlash tizimini raqamli vositalar orqali yanada samarali tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi. Seminar yakunida olingan tavsiyalar asosida metodik qo‘llanmalar va raqamli resurslardan foydalanish bo‘yicha amaliy yo‘riqnomalar ishlab chiqilishi belgilandi.

Bunday tadbirlar o‘qituvchi va psixologlarning raqamli kompetensiyalarini rivojlantirish, ularning kasbiy faoliyatini zamonaviy axborot texnologiyalari asosida takomillashtirish hamda o‘quvchilarning ruhiy salomatligini qo‘llab-quvvatlash tizimini mustahkamlashga xizmat qiladi.