Ta’limni rivojlantirish markazi vakili Madriddagi xalqaro treningda ishtirok etmoqda

16.06.2026

Joriy yilning 15–19-iyun kunlari Ispaniyaning Madrid shahrida Cyber4CA xalqaro loyihasi doirasida “Teaching Staff Training” haftaligi o‘tkazilmoqda.

Mazkur loyiha Erasmus+ KA2 Capacity Building dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Trening Madrid Politexnika universiteti huzuridagi "Escuela Técnica Superior de Ingenieros de Telecomunicación" (ETSIT) bazasida tashkil etilgan.

Tadbirda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Yevropa Ittifoqining Ispaniya, Ruminiya, Belgiya va Italiya davlatlaridan universitetlar, vazirliklar va sohaga oid tashkilotlar vakillari qatnashmoqda.

Xalqaro treningda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi bo‘lim boshlig‘i Halimjon Xo‘jamatov Cyber4CA loyihasi koordinatori sifatida ishtirok etmoqda.

Ochilish marosimida Ta’limni rivojlantirish markazi vakili kiberxavfsizlik bo‘yicha zamonaviy ta’lim dasturlarini rivojlantirish, amaliy laboratoriya mashg‘ulotlarini yo‘lga qo‘yish hamda innovatsion o‘qitish metodikalarini joriy etish masalalariga e’tibor qaratdi.

Markaz vakilining mazkur treningdagi ishtiroki raqamli pedagogika, mediata’lim, kiberxavfsizlik madaniyati va pedagoglarning raqamli kompetensiyalarini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajribalarni o‘rganish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega. Ushbu tajribalarni milliy ta’lim tizimiga moslashtirish kelgusidagi amaliy ishlar uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Ta’kidlash lozim, ushbu tadbir 19-iyunga qadar davom etadi. Haftalik davomida kiberxavfsizlik bo‘yicha magistratura ta’lim dasturlarini takomillashtirish, IoT va bulut xavfsizligini o‘qitish, phishing tahdidlarini aniqlash, “CyberLab” laboratoriyalarini tashkil etish hamda kiberxavfsizlik kompetensiyalarini baholash mavzulari qamrab olinadi.