Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi

16.02.2026

Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markaziga ta’lim sohasini rivojlantirishga qaratilgan tahliliy va amaliy tadqiqotlar o‘tkazish, ta’lim jarayonida jahon ilm-fani hamda zamonaviy texnologiyalar yutuqlaridan keng foydalanish bo‘yicha ilmiy ishlanmalar va amaliy tavsiyalar tayyorlash vazifalari yuklatilgan.

Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 16-fevral kuni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinib, tomonlar o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandum doirasida ta’lim ishtirokchilari uchun milliy kontent bazasini kengaytirish bo‘yicha quyidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilandi:

– maktab o‘quvchilarida mediasavodxonlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan videokurslar, animatsion roliklar va videodarslarni ishlab chiqish hamda ularni ta’lim jarayoniga joriy etish;

– ishlab chiqiladigan videokurslar uchun metodik va psixologik yondashuvlarni hamkorlikda ishlab chiqish, yaratilgan kontentni sinovdan o‘tkazish va takomillashtirish;

– inklyuziv ta’lim uchun moslashtirilgan resurslar yaratish va joriy etishning tashkiliy mexanizmlarini ishlab chiqish, shuningdek, soha mutaxassislari hamda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;

– pedagoglar uchun mentorlik dasturlari, amaliy treninglar va master-klasslar tashkil etish, shuningdek, eng yaxshi kontent loyihalarini belgilangan tartibda qo‘llab-quvvatlash.

Mazkur memorandum ta’lim sohasida milliy kontent bazasini shakllantirish, mediasavodxonlikni rivojlantirish, zamonaviy va inklyuziv ta’lim kontentlarini yaratish hamda pedagoglarning kasbiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, u ikki tashkilot o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun huquqiy va tashkiliy asos yaratadi.