
Joriy yilning 15-iyun kuni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazida Amerikaning Logan University hamda Alfraganus universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Delegatsiya tarkibida Logan University prezidenti Dr. H. Garrett Thompson, Logan University dasturlar innovatsiyasi bo‘yicha vitse-prezidenti hamda Nutrition kolleji va “Mental Health” maktabi dekani Dr. Gena Kadar, Logan University Prezidenti ofisi vakili Ms. Olena Schafbuch, shuningdek, Alfraganus universiteti rektori Azizbek Ismailov ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida mehmonlarga Markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, mamlakatimizda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda ilmiy-tadqiqot faoliyati, pedagog kadrlarni tayyorlash va ularning kasbiy rivojlanishi, tajriba almashish hamda ta’lim va ilmiy muassasalar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda tomonlar o‘z faoliyati va tajribasi haqida ma’lumot berdi hamda kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi. Jumladan, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish, tajriba almashish, xalqaro ekspertlarni jalb etish va mutaxassislar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, zamonaviy ta’lim yondashuvlari, ilmiy tadqiqotlar va kadrlar tayyorlash yo‘nalishlaridagi hamkorlik salohiyati, xalqaro tajribadan ta’lim amaliyotini takomillashtirishda foydalanish masalalari qayd etildi.
Muhokamalar yakunida tomonlar hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga o‘zaro qiziqish bildirdi hamda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va Logan University o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolashga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha kelishuvga erishdi.