
Joriy yilning 14–17-aprel kunlari Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda Kasbiy ta’lim agentligi hamkorligida “Kasbiy ta’lim tizimida shaxsni psixologik qo‘llab-quvvatlash” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Seminarning asosiy maqsadi kasbiy ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan psixologlarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, ularni diagnostik, profilaktik, korreksion va rivojlantiruvchi faoliyatni zamonaviy yondashuvlar asosida samarali tashkil etishga tayyorlashdan iborat bo‘ldi.
Ushbu 36 soatlik malaka oshirish kursi doirasida hududlardan tashrif buyurgan 30 nafar psixolog respublika darajasidagi trener sifatida tayyorlandi.
Seminarning dastlabki kunida zamonaviy o‘smir va kasbiy ta’lim tashkiloti o‘quvchisining psixologik xususiyatlari, psixodiagnostika va diagnostik metodlar hamda psixokorreksiya mavzulariga bag‘ishlangan mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Unda o‘quvchilarning yosh va psixologik xususiyatlarini chuqurroq anglash, shuningdek, ularni amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlashning samarali usullari yoritildi.

Ikkinchi kun mashg‘ulotlari destruktiv xulq-atvor va og‘ir hayotiy vaziyatlarning profilaktikasi hamda korreksiyasi, karyera psixologiyasi va moslashuvchan ko‘nikmalarni rivojlantirish mavzulariga bag‘ishlandi. Uchinchi kuni
inklyuzivta’limga jalb qilingan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan o‘quvchilar bilan ishlash, stressga chidamlilik, emotsional intellekt, individual suhbatlar hamda kasbga yo‘naltirish ishlari bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etildi. Yakuniy kunda esa kasbiy zo‘riqish va charchashning oldini olish, shuningdek, raqamli madaniyatni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilarga hissiy barqarorlikni ta’minlash, psixologik profilaktika ishlarini samarali tashkil etish, o‘quvchi-yoshlar bilan individual ishlash hamda ta’lim muassasalarida sog‘lom psixologik muhitni shakllantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Bunday o‘quv-seminarlar psixologlarning kasbiy mahoratini oshirish, tajriba almashish muhitini kengaytirish va kasbiy ta’lim tizimida psixologik xizmat sifatini yanada yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi.

To‘rt kun davom etgan o‘quvlar yakunida trener-psixolog sifatida tayyorlangan ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Endilikda ushbu respublika trenerlari hududlarda kasbiy ta’lim tashkilotlarida faoliyat olib borayotgan 800 nafardan ortiq psixologning malakasini oshirishadi. Bu esa o‘quv kursi uchun 8 ta modul asosida tayyorlangan metodik resurslarni amaliyotda samarali qo‘llash imkonini beradi.