“PUCHON FUTURE FEST 2026” doirasida xalqaro konferensiya oʻtkazildi

16.04.2026

Ayni kunlarda Toshkent shahridagi Puchon universiteti tomonidan ilk bor talabalar, oʻqituvchilar, xalqaro hamkorlar, ish beruvchilar hamda soha vakillarini birlashtirgan “PUCHON FUTURE FEST 2026” xalqaro kreativ sanoat va kelajak taʼlimi festivali oʻtkazilmoqda.

Bugun, 16-aprel kuni mazkur festival doirasida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi. Tadbirning ochilish marosimida soʻzga chiqqan Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori Shaxzodbek Kurbaniyazov ushbu konferensiya ilgʻor tajribalarni ommalashtirishga, yangi tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga hamda taʼlim tizimini yanada rivojlantirishga xizmat qilishini taʼkidladi.

“Bugungi kunda taʼlim tizimini modernizatsiya qilish, uni raqamlashtirish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan taʼlim mazmunini zamonaviy talablar asosida yangilash, raqamli taʼlim resurslarini keng joriy etish, oʻquv jarayoniga innovatsion va interfaol metodlarni tatbiq etish hamda taʼlimni mehnat bozori bilan uzviy bogʻlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, yagona raqamli taʼlim ekotizimini shakllantirish hamda unga sunʼiy intellekt imkoniyatlarini integratsiya qilish orqali taʼlim sifatini yangi bosqichga koʻtarish bugungi islohotlarning asosiy ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

Mazkur konferensiya taʼlim, texnologiyalar va kelajak kasblari kesishgan nuqtada dolzarb masalalarni koʻrib chiqish uchun muhim xalqaro maydondir. Bugungi uchrashuv zamonaviy taʼlimning nazariyadan amaliyotga, ilm-fandan real iqtisodiyotga uzviy bogʻlanayotganini yana bir bor tasdiqlaydi”, — dedi markaz direktori.

 



 


 

Ochilish marosimidan soʻng konferensiya dasturga muvofiq plenar majlis bilan davom etdi. Unda taʼlim, texnologiya va kelajak kasblariga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi. Kunning ikkinchi yarmida esa ochiq muhokamalar, taqdirlash marosimi hamda yakuniy tadbirlar boʻlib oʻtdi.

Taʼkidlash lozimki, “PUCHON FUTURE FEST 2026” nafaqat taʼlim sohasidagi dolzarb masalalar muhokama qilinadigan, balki talabalar, pedagoglar, xalqaro hamkorlar va ish beruvchilar oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim xalqaro platforma sifatida namoyon boʻlmoqda. Festival dasturidan oʻrin olgan talabalar loyihalari koʻrgazmasi, karyera zonasi, Open Day hamda hamkorlik tashabbuslari esa uning mazmunini yanada boyitib, kelajak taʼlimi va kreativ sanoat rivoji uchun muhim poydevor yaratmoqda.