Inklyuziv ta’lim doirasida pedagog va psixologlar kompetensiyalarini belgilash mavzusida o‘quv-seminar o‘tkazildi

16.04.2026

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “O‘zbekiston–2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risidagi PF–22-son Farmonida umumiy o‘rta ta’lim tizimida inklyuziv ta’lim ishtirokchilarini metodik qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, UNESCOning “Policy Guidelines on Inclusion in Education” hujjati asosida pedagog va psixologlarda shakllanishi lozim bo‘lgan ko‘nikma hamda kompetensiyalarni belgilash va tegishli qo‘llanmalarni ishlab chiqish vazifasi belgilangan.

Mazkur vazifa ijrosini ta’minlash maqsadida Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda joriy yilning 15-aprel kuni “Pedagog va psixologlarda shakllanishi lozim bo‘lgan ko‘nikma va kompetensiyalarni belgilash” mavzusida onlayn o‘quv-seminar tashkil etildi.

Seminar davomida inklyuziv ta’lim jarayonida pedagoglar va psixologlar faoliyatida muhim hisoblangan zamonaviy yondashuvlar, kasbiy ko‘nikmalar hamda amaliy kompetensiyalar yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, ishtirokchilarga ushbu yo‘nalishda ishlab chiqilgan o‘quv-uslubiy qo‘llanmaning mazmun-mohiyati, amaliy ahamiyati va undan foydalanish mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Mazkur seminar inklyuziv ta’limni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, pedagog va psixologlarning kasbiy salohiyatini mustahkamlash, shuningdek, ta’lim jarayonida barcha bolalar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.