Toshkent viloyatida “Boshlang‘ich ta’limda kreativ fikrlashni shakllantirish: pedagogik va psixologik yondashuvlar” mavzusida seminar o‘tkazildi

14.10.2025

Davlat dasturida belgilangan oʻquvchilarda kommunikativ koʻnikmalar, tanqidiy va kreativ fikrlash, hamkorlikda ishlash, tadqiqotchilik kabi koʻnikmalarni shakllantirish hamda ta’lim jarayoni ishtirokchilarini psixologik qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish boʻyicha vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida hududlarda ham bir qator tadbirlar tashkil etilmoqda.

Xususan, joriy yilning 14-oktyabr kuni Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidagi 8-sonli umumta’lim maktabida Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi hamkorligida “Boshlang‘ich ta’limda kreativ fikrlashni shakllantirish: pedagogik va psixologik yondashuvlar” mavzusida seminar tashkil etildi.

Unda boshlangʻich sinf oʻqituvchilari, maktab psixologlari hamda metod birlashma rahbarlari ishtirok etdi.Tadbirning asosiy maqsadi zamonaviy pedagogik va psixologik yondashuvlar asosida o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirish, kreativ fikrlashni rivojlantirish hamda o‘quvchilarda mustaqil tafakkurni shakllantirishdan iborat.

Tadbirni kirish soʻzi bilan ochib bergan Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori v.v.b. Yuliya Risyukova mazkur seminar Toshkent viloyatidagi pedagoglarning kasbiy salohiyatini oshirish, zamonaviy pedagogik va psixologik koʻnikmalarini mustahkamlash maqsadida tashkil etilganini taʼkidladi.

“Bugungi kunda taʼlim tizimining eng dolzarb vazifalaridan biri — oʻquvchilarda kreativ fikrlash, yangicha yondashuv va ijodkorlik kompetensiyalarini shakllantirishdir. Chunki zamonaviy dunyo sharoitida nafaqat bilim, balki mustaqil fikrlash, muammoni samarali yechish va tashabbuskor boʻlish har bir insonning muvaffaqiyat kalitiga aylanmoqda.”- dedi Yuliya Risyukova.

Seminar ikki yo‘nalishda boshlang‘ich ta’lim va psixologiya bo‘yicha tashkil etildi. Boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishida “Profilaktika: kasbiy va hissiy so‘nish, stresslarga bardoshlilik”, “Boshlang‘ich ta’limda STEM yondashuvi asosida loyihalarni o‘tkazish metodikasi” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Psixologiya yo‘nalishida esa “STEAM Club orqali kreativ fikrlashni shakllantirish”, “O‘qituvchilarning kasbiy so‘nish darajasini kamaytirish” kabi mavzularda mutaxassislar o‘zaro tajriba va fikr almashdilar.

Tadbir davomida interaktiv mashg‘ulotlar, amaliy topshiriqlar hamda savol-javoblar tashkil etildi. Ishtirokchilar raqamli platformalar orqali o‘zaro tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar va faoliyatlarida qo‘llash uchun yangi metodik materiallar bilan tanishdilar.