“Yosh olimlar va tadqiqotchilar maktabi” o‘quv kursi bo‘yicha seminar-trening o‘tkazildi

14.07.2026

Joriy yilning 14-iyul kuni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan “Yosh olimlar va tadqiqotchilar maktabi” ilmiy-amaliy onlayn o‘quv kursi bo‘yicha seminar-trening tashkil etildi.

Unda oliy ta’lim muassasalaridan 300 ga yaqin yosh olimlar, tayanch doktorantlar, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar, ilmiy xodimlar va tadqiqotchilar faol ishtirok etdi.



Seminarni kirish so‘zi bilan ochib bergan Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori o‘rinbosari Xabibullo Nosirov yosh olimlar va ilmiy izlanuvchilarning salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, ilmiy-metodik hamda tadqiqot ishlarini kuchaytirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, u “Yosh olimlar va tadqiqotchilar maktabi” ilmiy-amaliy onlayn o‘quv kursi tadqiqotchilarning ilmiy metodologiya, akademik yozuv, ilmiy maqola tayyorlash va tadqiqot olib borish bo‘yicha bilim hamda amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etdi. Prezidentimizning 2026-yil 26-maydagi PF–98-son Farmoni bilan yosh tadqiqotchilar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar ilmiy faoliyatni yanada samarali tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi.



Seminar davomida ishtirokchilarga “Yagona raqamli ta’lim resurslari va xizmatlari” portali hamda uning tarkibida tashkil etilgan “Yosh olimlar va tadqiqotchilar maktabi” platformasining mazmuni, imkoniyatlari va undan foydalanish tartibi haqida batafsil ma’lumot berildi.

Xususan, platformada yosh tadqiqotchilar uchun tavsiya etilgan ilmiy-amaliy onlayn o‘quv kursi, foydali materiallar, ilmiy himoya jarayoniga oid ma’lumotlar, mahalliy va xalqaro OAK jurnallari ro‘yxati, ilmiy faoliyatda uchraydigan atamalar, me’yoriy-huquqiy hujjatlar, oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlariga hujjat topshirish tartibi, shuningdek, ilmiy kengashlar va ixtisosliklar bo‘yicha ma’lumotlar joylashtirilgani amaliy tarzda ko‘rsatib berildi.


Ilmiy-amaliy onlayn o‘quv kursi bo‘limida yosh tadqiqotchilar uchun dolzarb va amaliy ahamiyatga ega 50 ga yaqin mavzu bosqichma-bosqich joylashtirilgani qayd etildi. Mazkur mavzular ilmiy izlanishni rejalashtirish, tadqiqot metodologiyasini qo‘llash, ilmiy maqola va tezislar tayyorlash, dissertatsiya jarayonlarini tushunish, shuningdek, ilmiy natijalarni tahlil qilish va taqdim etish bo‘yicha zarur bilim hamda ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.


Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 26-maydagi “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PF–98-son Farmonining mazmun-mohiyati yuzasidan ham ma’lumot berildi.
Unda yosh olimlar, doktorantlar va ilmiy izlanuvchilar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar, ustuvor ilmiy yo‘nalishlar, doktorantura tizimidagi yangiliklar, ilmiy kengashlar faoliyatiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish hamda ilmiy daraja olish jarayonlarini soddalashtirishga qaratilgan asosiy jihatlar tushuntirildi.


Shuningdek, Farmon bilan ilmiy daraja olish jarayonidagi ayrim tartiblar soddalashtirilayotgani qayd etildi. Jumladan, dissertatsiya mavzularini OAKda ro‘yxatdan o‘tkazish, avtoreferat chop etish, yetakchi tashkilotda muhokamadan o‘tkazish hamda amaliyotga joriy etilganlik bo‘yicha xulosa olish kabi tartiblarning bekor qilinishi yosh tadqiqotchilar uchun ilmiy faoliyatni yanada qulay va samarali tashkil etishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Tadbir doirasida Markaz tomonidan tashkil etilayotgan ICIST–2026 xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi haqida ham axborot berildi. Yosh olimlar va tadqiqotchilar uchun xalqaro ilmiy maydonga chiqish, ilmiy ishlanmalarini taqdim etish, mahalliy va xorijiy ekspertlar bilan ilmiy hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari tushuntirildi.


Seminar-trening davomida ishtirokchilar yuqori faollik ko‘rsatdi. Ular tomonidan ilmiy maqola tayyorlash, doktoranturaga hujjat topshirish, ilmiy rahbarlik, OAK jurnallari, dissertatsiya himoyasi jarayoni hamda platformadan foydalanish yuzasidan ko‘plab savollar berildi. Savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar taqdim etildi.
Seminar-trening yakunida ishtirokchilarning fikr-mulohazalari va takliflari o‘rganildi. Xususan, yosh olimlar va tadqiqotchilar o‘rtasida doimiy muloqot hamda axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish maqsadida Telegram tarmog‘ida maxsus guruh tashkil etish taklif qilindi.


Shuningdek, kelgusida Scopus va Web of Science bazalariga indekslangan jurnallar uchun ilmiy maqola tayyorlash va chop etish bo‘yicha amaliy seminarlar o‘tkazish, Hirsh indeksi yuqori bo‘lgan olimlar, tajribali tadqiqotchilar va soha ekspertlari bilan uchrashuvlar tashkil etish yuzasidan takliflar bildirildi.