Ayni kunlarda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi vakili JICAning BRIGHT loyihasi doirasidagi o‘quv dasturida ishtirok etayotgani haqida xabar bergan edik. Joriy yilning 13-iyul kuni mazkur o‘quv dasturining Tokio shahridagi bosqichi boshlandi. Dastlabki tashrif Yaponiya Ta’lim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirligi — MEXT huzuridagi Ta’lim siyosati tadqiqotlari milliy instituti — NIERda tashkil etildi.

Uchrashuv davomida NIER mutaxassislari tomonidan quyidagi yo‘nalishlarda taqdimot va muhokamalar o‘tkazildi:
TIMSS va TALIS tadqiqoti ma’lumotlaridan dars jarayonini takomillashtirishda foydalanish;
darslarni videokuzatuv asosida tahlil qilish metodologiyasi;
o‘qituvchining darsdagi faoliyati va o‘quvchilarning ta’lim jarayonidagi ishtirokini baholash;
milliy baholash natijalarini maktablardagi o‘qitish va o‘rganish sifatini yaxshilashga yo‘naltirish bo‘yicha Yaponiya tajribasi.
Muhokama jarayonida dars videolarini muayyan mezonlar asosida tahlil qilish, o‘qitish amaliyotidagi o‘zgarishlarni kuzatish hamda o‘quvchilarning faolligi va ta’lim natijalari o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, Yaponiyada ishlab chiqilgan va mahalliy ta’lim sharoitiga moslashtirilgan dars tahlili yondashuvlaridan O‘zbekistonda kichik ko‘lamli pilot tadqiqotni tashkil etishda foydalanish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

Kunning ikkinchi qismida JICA Tokio markazida tadqiqot rejasi va Education Project Summary Sheet hujjatini takomillashtirish bo‘yicha amaliy ishlar davom ettirildi.
Mazkur tajriba milliy va xalqaro baholash natijalarini nafaqat hisobot sifatida taqdim etish, balki ularni bevosita dars sifati, o‘qituvchilar malakasini oshirish va ta’lim siyosatini takomillashtirishga xizmat qildirish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.