Kasbiy ta’lim tizimida shaxsni psixologik qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan o‘quv-seminar boshlandi

14.04.2026

Joriy yilning 14-aprel kuni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy ta’lim agentligi hamkorligida Toshkent shahridagi “INNO” innovatsion o‘quv-ishlab chiqarish texnoparkida “Kasbiy ta’lim tizimida shaxsni psixologik qo‘llab-quvvatlash” mavzusidagi o‘quv-seminarga start berildi.

Unda respublikamizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan kasbiy ta’lim tashkilotlari psixologlari ishtirok etmoqda.

17-aprelga qadar davom etadigan mazkur seminar kasbiy ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan psixologlarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, ularni diagnostik, profilaktik, korreksion va rivojlantiruvchi faoliyatni zamonaviy yondashuvlar asosida samarali tashkil etishga tayyorlashga qaratilgan.

Seminar ochilishida Ta’limni rivojlantirish markazi direktori o‘rinbosari Anvarjon Maxmudov bunday seminarlar psixologlarning kasbiy salohiyatini oshirish, ularning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash va ta’lim muassasalarida sog‘lom hamda ishonchli muhitni shakllantirishga xizmat qilishini qayd etdi.

“Bugungi kunda taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar inson omilining rolini yanada kuchaytirishni talab etmoqda. 

Shu nuqtayi nazardan, psixologlarning kasbiy mahorati, ularning zamonaviy yondashuvlar asosida ishlay olishi va amaliyotda samarali instrumentlardan foydalanishi alohida ahamiyat kasb etadi.

Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda Kasbiy taʼlim agentligi hamkorligida tashkil etilgan mazkur seminar aynan shu ehtiyojdan kelib chiqqan holda yoʻlga qoʻyildi.

Eng muhimi, bugungi ishtirokingiz faqat shaxsiy rivojlanish bilan cheklanib qolmaydi. Sizlar kelgusida oʻz hududlaringizda shunday seminarlarni tashkil etish orqali bilim va tajribani keng tarqatuvchi asosiy drayverlarga aylanasiz. Bu esa tizimli oʻzgarishlarni taʼminlovchi kuchli mexanizm hisoblanadi.

Seminar mashgʻulotlari tajribali trenerlar va sohaning yetuk mutaxassislari tomonidan olib borilishi sizlar uchun nazariy bilimlarni amaliyot bilan uygʻunlashtirish imkoniyatini yaratadi, – dedi Anvarjon Maxmudov.

Kasbiy ta’lim agentligi direktori o‘rinbosari Avzalxon Abdullaxonov ham seminar doirasida psixologik xizmatni kuchaytirish o‘quvchi-yoshlarning ta’lim jarayoniga moslashuvi, kasbiy shakllanishi va ijtimoiy faolligini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

“Bugungi kunda kasbiy ta’lim tizimida o‘quvchi-yoshlarni nafaqat bilim va ko‘nikmalar bilan qurollantirish, balki ularning ruhiy barqarorligi, o‘ziga ishonchi va ichki salohiyatini to‘g‘ri yo‘naltirish ham dolzarb vazifalardan biridir.

Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarni kasbga yoʻnaltirish borasida amalga oshirilayotgan tashabbuslarning markazida ham aynan psixologlar turadi. Chunki Sizlarning mahoratingiz yoshlarning qobiliyatlarini aniqlash hamda koʻnikmalarini shakllantirishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Ishonamizki, ushbu seminar davomida olingan tavsiya va yondashuvlar kasbiy ta’lim tashkilotlarida psixologik xizmat sifatini yanada oshirishga, o‘quvchi-yoshlar bilan ishlash samaradorligini kuchaytirishga munosib hissa qo‘shadi”, – dedi Avzalxon Abdullaxonov.

Seminarning birinchi kuni doirasida ishtirokchilar uchun zamonaviy o‘smir va kasbiy ta’lim tashkiloti o‘quvchisining psixologik xususiyatlari, psixodiagnostika va diagnostik metodlar, shuningdek, psixokorreksiya va uning metodlariga bag‘ishlangan mashg‘ulotlar tashkil etildi.

Mashg‘ulotlarda O‘zbekiston Milliy universiteti “Psixologiya” kafedrasi katta o‘qituvchisi, psixologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Shoxsanam Sagatova hamda Renessans ta’lim universiteti psixologi Charos Orziqulova ishtirokchilarga o‘quvchi-yoshlarning yosh va individual psixologik xususiyatlarini chuqurroq anglash, ularni aniqlash va amaliy jihatdan qo‘llab-quvvatlashning samarali usullari bo‘yicha ilmiy-amaliy tavsiyalar berishdi.

Seminar keyingi kunlarda ham dolzarb mavzularda davom etadi. Xususan, 15-aprel kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti xotin-qizlar psixologi Shahzoda Bo‘stonova tomonidan destruktiv xulq-atvor va og‘ir hayotiy vaziyatlarning profilaktikasi hamda korreksiyasi, karyera psixologiyasi va moslashuvchan ko‘nikmalarni rivojlantirish mavzularida mashg‘ulotlar olib boriladi.

16-aprel kuni Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti dotsenti Nargiza Miryusupova hamda Deviant xulq-atvorli bolalar bilan ishlash va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘limi bosh mutaxassisi Samira Raximova tomonidan inklyuziv ta’limga jalb qilingan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan o‘quvchilar bilan ishlash, stressga chidamlilik, emotsional intellekt, individual suhbatlar va kasbga yo‘naltirish ishlari bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkaziladi.

17-aprel kuni esa Toshkent viloyati pedagogik mahorat markazi “Pedagogika, psixologiya va ta’lim texnologiyalari” kafedrasi katta o‘qituvchisi Shoxida Urakova hamda o‘qituvchi Shahnoza Ostonova tomonidan psixolog faoliyatida kasbiy zo‘riqish va charchashning oldini olish hamda raqamli madaniyatni shakllantirish mavzulariga alohida e’tibor qaratiladi.

Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilarga hissiy barqarorlikni ta’minlash, psixologik profilaktika ishlarini samarali tashkil etish, o‘quvchi-yoshlar bilan individual ishlash hamda ta’lim muassasalarida sog‘lom psixologik muhitni shakllantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berilmoqda.

Bunday o‘quv-seminarlar psixologlarning kasbiy mahoratini oshirish, tajriba almashish muhitini kengaytirish va kasbiy ta’lim tizimida psixologik xizmat sifatini yanada yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi.