Joriy yilning 12-may kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazida “Filologiya fanlari” yoʻnalishi boʻyicha ilmiy-metodik kengashning navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda muallif E.Ribinskaya tomonidan ishlab chiqilgan “English vocabulary” darsliklari hamda mamlakatimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlar vakillariga davlat tilini o‘rgatishga mo‘ljallangan o‘quv-metodik qo‘llanmalar, ko‘rgazmali materiallar yaratish bilan bog‘liq rejalar muhokama qilindi.
Muhokamalar davomida kengash a’zolari “English vocabulary” materiallarining mazmuni, amaliy ahamiyati va dolzarbligi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirdilar. Shuningdek, ushbu materiallarni darslik emas, balki o‘quv qo‘llanma sifatida qayta ishlash, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va mazmunan yanada takomillashtirish tavsiya etildi.

Shu bilan birga, davlat tilini o‘rgatishga qaratilgan o‘quv-metodik qo‘llanmalar hamda ko‘rgazmali materiallarni yaratish jarayonida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar yuzasidan takliflar ilgari surildi.