Ta’lim va kiberxavfsizlikda generativ sun’iy intellekt imkoniyatlari muhokama qilindi

13.05.2026


Joriy yilning 12–13-may kunlari Toshkent shahridagi Inha universitetida “Generativ sun’iy intellekt sharoitida ta’lim tizimlari va kiberxavfsizlikni transformatsiya qilish, tahdidlar, ishonchlilik muammolari va xavfsiz AI arxitekturalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi “Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi” davlat muassasasi tashabbusi bilan Toshkent amaliy fanlar universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Toshkent shahridagi Amity universiteti, “Kiberxavfsizlik markazi” davlat muassasasi hamda “Sun’iy intellekt alyansi” nodavlat notijorat tashkiloti hamkorligida tashkil etildi. Unda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori Shahzodbek Kurbaniyazov ham ishtirok etdi.

Xalqaro anjumanda sun’iy intellekt texnologiyalarining ta’lim tizimiga ta’siri, generativ AI vositalaridan samarali va xavfsiz foydalanish, raqamli muhitda ishonchlilik masalalari, kiberxavfsizlik tahdidlari hamda xavfsiz AI arxitekturalarini shakllantirish bo‘yicha dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, konferensiya doirasida ta’lim jarayonida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan mas’uliyatli foydalanish, pedagoglarning raqamli kompetensiyalarini rivojlantirish hamda innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Konferensiya soha mutaxassislari, ilmiy doira vakillari va ta’lim tashkilotlari o‘rtasida tajriba almashish, generativ sun’iy intellekt sharoitida ta’lim va kiberxavfsizlik yo‘nalishlaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi.