
Joriy yilning 13-fevral kuni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan Toshkent viloyati Qibray tumanidagi 7-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida “Kichik qadamlar — katta oʻzgarishlar: bolalarda ekologik madaniyatni shakllantirish” mavzusida amaliy seminar tashkil etildi. Unda Toshkent viloyatidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor o‘rinbosarlari hamda tarbiyachilari ishtirok etishdi.
Seminar dasturiga ko‘ra, dastlab ishtirokchilar e’tiboriga maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari bilan ekologik savodxonlikni oshirishga qaratilgan mashg‘ulotlarni qanday o‘tkazish bo‘yicha nazariy ma’lumotlar berildi hamda master-klass o‘tildi.

Tadbirning navbatdagi qismi esa amaliy mashg‘ulotlarga bag‘ishlandi. Bunda har bir jamoa “Eko darsni qanday rejalashtirish kerak?”, “Storytelling”, “Ekosistema yaratish”, “Saralash o‘yini” kabi jami 5 ta amaliy mashg‘ulotda to‘liq ishtirok etdi. Mashg‘ulotlarda har bir ishtirokchi barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ekologik tarbiya va ekologik savodxonlikni shakllantirishning turli metod va texnologiyalarini bevosita sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Seminar davomida savol-javob sessiyalari ham o‘tkazilib, ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalari va takliflari bilan o‘rtoqlashdilar. Tadbir yakunida esa ta’limda ekologik yondashuvlarni ilgari surishda faol bo‘lgan pedagoglar tashakkurnomalar bilan taqdirlandilar.