
Joriy yilning 12-iyun kuni Samarqand shahridagi 94-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida “Kichik qadamlar — katta o‘zgarishlar: bolalarda ekologik madaniyatni shakllantirish” mavzusida amaliy trening bo‘lib o‘tdi.
Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan treningda maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglari faol ishtirok etdi.

Treningdan ko‘zlangan asosiy maqsad pedagoglarning bolalarda ekologik tafakkur, tabiatga mehr va atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatni shakllantirish borasidagi amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi. Shuningdek, ishtirokchilar kelgusida hududlarda kaskad usulida treninglar o‘tkazishga tayyorlandi.
Mashg‘ulotlar davomida qatnashchilar ekologik tarbiyani maktabgacha yoshdagi bolalarga sodda, qiziqarli va ularning yosh xususiyatlariga mos tarzda yetkazish usullari bilan tanishdilar.

Tadbirning asosiy qismi amaliy mashg‘ulotlarga ajratildi. Unda ishtirokchilar ekologik muhitni yaratish, bolalar bilan interaktiv mashg‘ulotlar o‘tkazish, “Storytelling” metodidan foydalanish hamda “Quvnoq yer, xafa yer” kabi amaliy faoliyatlarni tashkil etish bo‘yicha master-klasslarda qatnashdilar.
Trening davomida ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashish, ekologik tarbiya bo‘yicha samarali metodik yondashuvlarni muhokama qilish va yangi g‘oyalarni ishlab chiqish imkoniga ega bo‘ldilar.