Vodiy viloyatlarida “Taʼlimda psixologik farovonlikni birga yaratamiz” shiori ostida o‘quv-seminarlar tashkil etildi

12.03.2026

Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamkorligida hududlarda “Taʼlimda psixologik farovonlikni birga yaratamiz” shiori ostida taʼlim tashkilotlari psixologlari uchun o‘quv-seminarlar bosqichma-bosqich tashkil etib kelinmoqda. Mazkur seminarlarning navbatdagi qismi joriy yilning 10–12-mart kunlari Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilning 10-mart kuni Andijon shahridagi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda tashkil etilgan seminarda maktabgacha taʼlim tashkilotlari psixologlari uchun Maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish instituti katta o‘qituvchisi Xojiakbar Madaminjonov tomonidan “Bog‘liqlik nazariyasi”, “10 daqiqa faqat bola uchun”, “Rasmlar orqali his-tuyg‘ular” hamda “Men qaytdim!” (mini-separatsiya mashqi) mavzularida nazariy va amaliy mashg‘ulotlar olib borildi.

Umumiy o‘rta taʼlim muassasalari psixologlari uchun tashkil etilgan mashg‘ulotlarda esa Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi bo‘lim boshlig‘i Qobiljon Ismanov tomonidan “Raqamli resurslar portalida ishlash”, “Amaliy keyslar asosida mashg‘ulot” hamda “Stressni boshqarish modeli” mavzularida maʼlumotlar berildi. Yakunda savol-javoblar o‘tkazilib, taklif va tavsiyalar muhokama qilindi.

Seminarlar Farg‘ona viloyatida ham davom ettirildi. 12-mart kuni Farg‘ona shahridagi 46-maktabda tashkil etilgan seminarda Ijtimoiy himoya milliy agentligi mutaxassisi Samira Raximova hamda Maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish instituti katta o‘qituvchisi Xojiakbar Madaminjonov tomonidan maktabgacha, umumiy o‘rta va oliy taʼlim muassasalari psixologlari uchun “Ota-onalar bilan hamkorlik” va “Ota-onalar majlislari ssenariylari” mavzularida nazariy hamda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Tadbir davomida pedagoglar va ota-onalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, kommunikativ texnologiyalardan samarali foydalanish, shuningdek, nizoli vaziyatlarda konstruktiv yondashuvlarni qo‘llash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

13-mart kuni Namangan shahridagi 3-maktabda o‘tkazilgan seminarda ham maktabgacha, umumiy o‘rta va oliy taʼlim muassasalari psixologlari faol ishtirok etdi. Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi xodimlari Gulmira Alimova va Sulton Mo‘minov tomonidan maktablarda inklyuziv sinflarni hamda maktabgacha taʼlim tashkilotlarida inklyuziv guruhlarni tashkil etish mavzularida taqdimotlar qilindi.

Mashg‘ulotlar davomida bolalarning individual ehtiyojlarini inobatga olgan holda taʼlimni tashkil etish, shuningdek, taʼlim jarayoni ishtirokchilari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan zamonaviy psixologik yondashuvlar muhokama qilindi.



Seminarlar yakunida barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

Taʼkidlash joizki, seminarlar videokonferensiya formatida ham tashkil etildi va mavzuga qiziqqan boshqa hududlardagi mutaxassislar ham ularda ishtirok etdi. Mazkur yo‘nalishdagi seminarlarni o‘quv yili yakuniga qadar boshqa hududlarda ham tashkil etish rejalashtirilgan.