Alfraganus universiteti bilan hamkorlik memorandumi imzolandi

13.02.2026

Joriy yilning 12-fevral kuni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda Alfraganus universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. 

Memorandum doirasida hamkorlikning quyidagi ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi:

– pedagoglarning uzluksiz kasbiy rivojlanishiga ko‘maklashish, o‘quv-tarbiya jarayoniga innovatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni tashkil etish;

– ilmiy-tadqiqot va ilmiy-amaliy faoliyat doirasida innovatsion pedagogik texnologiyalarni rivojlantirish, uzluksiz ta’lim tizimida STEAM yondashuvini keng joriy etishga qaratilgan qo‘shma tashabbus va loyihalarni amalga oshirish;

– maktabgacha, umumiy o‘rta va kasbiy ta’lim jarayonini takomillashtirishga yo‘naltirilgan o‘quv-uslubiy, akademik va metodik materiallarni, jumladan, STEAM ta’limi bo‘yicha resurslar va tavsiyalarni hamkorlikda ishlab chiqish;

– rahbar va pedagog kadrlarning uzluksiz kasbiy rivojlanishini ta’minlash maqsadida inklyuziv ta’lim yo‘nalishida pedagogik-psixologik qo‘llab-quvvatlashning samarali shakl va usullari bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘zaro almashish, shuningdek, o‘rganilgan tajribalar asosida seminar va vebinarlar tashkil etish;

– ta’lim oluvchilarning ruhiy barqarorligini mustahkamlash va kasb tanlashiga ko‘maklashish maqsadida ularni emotsional qo‘llab-quvvatlash hamda kasbga yo‘naltirish ishlarini tizimli tashkil etish.

Mazkur hujjat pedagoglarning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, innovatsion va STEAM yondashuvlarini ta’lim jarayoniga keng joriy etish, shuningdek, inklyuziv va metodik hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.