Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi vakillarining Amerika Qo‘shma Shtatlariga uyushtirilgan amaliy tashrifi doirasida Ta’limni rivojlantirish markazi direktori v.v.b. Yuliya Risyukova 15-xalqaro “Marvelous Education Alliance” simpoziumining plenar va shoʻba yigʻilishlarida qatnashib, “The Concept of Using AI Technologies in Education – the Path to Forming New Digital Competencies” mavzusida maʼruza qildi.
Unda zamonaviy texnologiyalari rivojlanib borayotgan dunyoda Oʻzbekiston ham taʼlim tizimida raqamlashuvga alohida eʼtibor qaratayotgani hamda oʻquvchilarning AKT dan foydalanish salohiyatini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.
“Oʻzbekiston azaldan jahon ilm-fan taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk allomalar yurti boʻlib kelgan.
Ulugʻbek – osmon xaritalarini mislsiz aniqlik bilan tuzgan buyuk astronom, al-Xorazmiy – algebraning va “algoritm” tushunchasining asoschisi, Ibn Sino esa tibbiyot sohasidagi “Tib qonuni” asari orqali asrlar davomida taʻlim va ilmiy tafakkurga yoʻl koʻrsatgan mutafakkir sifatida tanilgan.
Ularning boy ilmiy merosi bizga shuni eslatadiki, chuqur tadqiqot va amaliy qoʻllash bir-birini toʻldiruvchi, ajralmas jarayon boʻlishi zarur.
Raqamli iqtisodiyot sharoitida Oʻzbekistonning demografik oʻsishi sunʻiy intellektga asoslangan taʻlimni joriy etish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
Har yili 700 mingdan ortiq oʻquvchi umumtaʻlim maktabining yuqori sinflarini tamomlaydi, ularning qariyb 40 foizi oliy taʻlim muassasalarida tahsilni davom ettiradi.
Ishonamanki, bugungi muloqotlarimiz mamlakatimiz taʻlim tizimini yanada rivojlantirish uchun xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish va yangi istiqbolli loyihalarni yoʻlga qoʻyishga xizmat qiladi.” – dedi Yuliya Risyukova.