Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi vakili Yaponiyaning Tokushima prefekturasida BRIGHT loyihasi doirasidagi o‘quv-amaliy dasturda ishtirok etmoqda.

Dastur doirasida uchta umumta’lim maktabiga tashrif amalga oshirildi. Jumladan, 3-sinf o‘quvchilarining real hayotiy mashg‘ulotlarga asoslangan matematika darsi kuzatilib, tahlil qilindi. Darslarning ajralib turuvchi jihatlaridan biri o‘quvchilarning muammolarni aniqlashi va o‘z fikrlarini asoslab berish jarayonlarini o‘rganish bo‘ldi.

Darsda real ma’lumotlardan foydalanildi hamda o‘quvchilar guruhlarda ishladilar. Bunday yondashuv o‘quvchilarda matematik bilimlarni kundalik hayotdagi vaziyatlar bilan bog‘lash, tanqidiy fikrlash va o‘z fikrini dalillar asosida tushuntirish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, Tokushima prefekturasi ta’lim boshqarmasiga tashrif amalga oshirildi. Uchrashuv davomida prefektura darajasida ta’limni boshqarish, maktablarni metodik qo‘llab-quvvatlash, baholash natijalaridan foydalanish hamda ta’lim sifatini yaxshilash bo‘yicha Yaponiya tajribasi bilan tanishildi.

Mazkur tashriflar O‘zbekistonda maktab darajasidagi amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish, dars jarayonida o‘quvchi faolligini oshirish hamda baholash natijalaridan ta’lim sifatini yaxshilashda samarali foydalanish bo‘yicha muhim tajriba almashish imkonini beradi.