Jizzaxda metodistlar uchun bolalarning ekologik savodxonligini rivojlantirishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi

11.06.2026

Joriy yilning 11-iyun kuni Jizzax shahridagi 36-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida “Kichik qadamlar — katta o‘zgarishlar: bolalarda ekologik madaniyatni shakllantirish” mavzusida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Jizzax viloyati metodistlari hamda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari faol ishtirok etdi.

Seminar avvalida ishtirokchilar uchun maktabgacha yoshdagi bolalarda ekologik madaniyatni shakllantirishga qaratilgan amaliy yondashuvlarni namoyish etuvchi master-klass tashkil qilindi.

Tadbirning asosiy qismi amaliy mashg‘ulotlarga ajratildi. Qatnashchilar “Eko muhitni qanday rejalashtirish kerak?”, “Storytelling”, “Baxtli yer, xafa yer” kabi yo‘nalishlar bo‘yicha mashg‘ulotlarda ishtirok etib, ekologik tarbiya berishning samarali usullari bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, o‘zaro tajriba almashish imkoniga ega bo‘ldilar.

Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar ekologik ta’limga oid turli metod va texnologiyalarni amalda qo‘llab ko‘rish hamda o‘z tajribalarini boyitish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.