
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoni bilan tasdiqlangan “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi”da Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markaziga taʼlim jarayoni ishtirokchilarini psixologik qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish vazifasi yuklatilgan.
Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning iyun oyida “Psixologiya: zamonaviy chaqiriqlar, yangi g‘oyalar va yechimlar” mavzusidagi yirik forum tashkil etilgan edi. Mazkur Forum doirasida sohani rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinib, “Taʼlim ishtirokchilarini psixologik qoʻllab-quvvatlash boʻyicha eng yaxshi uslubiy qoʻllanma” tanloviga start berilgandi.
Joriy yilning 10-dekabr kuni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Xalqaro Nordik universitetida ushbu tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Azizbek Turdiyev so‘zga chiqib, ta’limning ilk bosqichlaridanoq psixologik xizmatning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi muhim ekanligini ta’kidladi.
“Maktabgacha va maktab ta’limi tizimida bola shaxsiga yo‘naltirilgan yondashuv eng muhim mezon hisoblanadi. Bizning asosiy maqsadimiz – nafaqat bilimli, balki ruhiy jihatdan sog‘lom, o‘ziga ishongan va jamiyatga moslashuvchan avlodni tarbiyalashdir.
Ta’lim muassasalaridagi psixologik qo‘llab-quvvatlash – bu shunchaki muammolar bilan ishlash emas, balki bolaning iqtidorini ro‘yobga chiqarish, o‘quvchi, o‘qituvchi va ota-ona o‘rtasida o‘zaro ishonch ko‘prigini mustahkamlash demakdir.
Mazkur tanlov doirasida taqdim etilgan uslubiy qo‘llanmalar amaliyotchi psixologlarimiz va pedagoglarimiz uchun muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi. Ular maktablarda ijobiy ijtimoiy-psixologik muhitni yaratishga va har bir bolaning o‘ziga xosligini inobatga olgan holda ta’lim berishga yordam beradi.
O‘zining ilmiy va ijodiy izlanishlari bilan soha rivojiga hissa qo‘shayotgan barcha mutaxassislarga minnatdorlik bildiraman”, – dedi Azizbek Turdiyev.
Shuningdek, Ta’limni rivojlantirish markazi direktori o‘rinbosari Shahzodbek Kurbaniyazov bu kabi tanlovlar yosh avlodning ruhiy salomatligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

“O‘zbekistonda ta’lim ishtirokchilarini – o‘quvchilarni, talabalarni, o‘qituvchilarni va ota-onalarni psixologik qo‘llab-quvvatlash masalasi davlat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylangan.
Psixologik xizmatning kuchayishi ta’lim sifatini oshirish, sog‘lom muhitni yaratish va yosh avlodni barkamol shaxs sifatida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Bugun biz O‘zbekiston Respublikasi Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Ta’lim ishtirokchilarini psixologik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha eng yaxshi o‘quv-uslubiy qo‘llanma” respublika tanlovining taqdirlash marosimida birgalikda to‘planib turibmiz.
O‘tgan davr mobaynida tanlovga 100 ga yaqin ishlanma kelib tushgan. Bu raqamlarning o‘ziyoq ta’lim sohasida psixologik qo‘llab-quvvatlash masalasi qanchalik dolzarb va keng qamrovli ekanini ko‘rsatadi.
Ishonchim komilki, Sizlarning mehnatingiz ta’lim tizimimizni yanada boyitadi, yosh avlodning ruhiy salomatligini mustahkamlashga hissa qo‘shadi. Bugun g‘oliblarni tabriklab, barcha ishtirokchilarga minnatdorlik bildiramiz”, – dedi Shahzodbek Kurbaniyazov.
Psixologiya fanlari doktori, akademik, Profi universiteti rektori Gʻayrat Shoumarov bunday tadbirlar natijasida olingan xulosalar ta’lim tizimining muntazam tarzda takomillashib borishida muhim omil boʻlib xizmat qilishini ta'kidladi.

“Psixologlar oʻrtasida oʻtkazilayotgan bu kabi tadbirlar ta’lim sohasida kamdan kam uchraydi. Markaz tomonidan amalga oshirilayotgan bunday tashabbus esa albatta e’tirofga loyiq jarayon.
Hech birimizga sir emaski, har yili bir necha minglab odamlar psixologik muammolarga duch keladi.
Mana shunday tanlovlar esa sohadagi bilim va tajribalarning muntazam takomillashib borishiga xizmat qiladi.
Ishonamanki, bunday jarayonlar muntazam tarzda davom etadi hamda tanlov natijasida olingan xulosalar ta’lim tizimining muntazam tarzda takomillashib borishida muhim omil boʻlib xizmat qiladi”, – dedi Gʻayrat Shoumarov.
Ta’kidlash lozim, 3-iyundan 30-noyabrgacha tanlovga maktab psixologlari va oliy ta’lim muassasalari vakillari tomonidan taqdim etilgan 100 ga yaqin o‘quv-uslubiy ishlar ichidan Nizom talablariga mos eng yaxshilari tanlab olindi hamda tasdiqlangan ekspertlar jamoasi tomonidan baholandi.

Ular ichidan 1-2-3-o‘rinlar tanlab olindi hamda quyidagi 5 ta dolzarb nominatsiya bo‘yicha saralandi:
– Psixologik farovonlik va emotsional qo‘llab-quvvatlash;
– Bolalar va oila psixologiyasi;
– Pedagog-psixologlar amaliyoti;
– Inklyuziv ta’lim;
– Innovatsion metodlar.

Ma’lumot uchun, iyun oyidagi forum natijalari va sohadagi islohotlarning davomi sifatida psixologlar malakasini oshirish va metodik ta’minlash bo‘yicha Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan qator yirik loyihalar amalga oshirildi.
Jumladan, 20-21-avgust kunlari “Umumiy oʻrta taʼlim maktablari psixologlari uchun yirik 18 soatli oʻquv-seminar” tashkil etildi. Unda 220 nafar hududiy trenerlar oʻqitilib, ular yordamida hududlarda kaskad usulida 11 000 dan ortiq maktab psixologlari uchun sentabr oyida amaliy treninglar o‘tkazildi.
Shuningdek, 27-28-noyabr kunlari maktabgacha taʼlim tashkilotlari psixologlari uchun 26 soatlik oʻquv-seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 170 nafar amaliyotchi psixolog hamda 22 nafar malakali trenerlar ishtirok etdilar. Mazkur seminarda oʻqitilgan mutaxassislar tomonidan dekabr oyida hududlarda kaskad usulida 3 200 dan ortiq maktabgacha taʼlim psixologlari uchun amaliy treninglar tashkil qilinmoqda.
Maktabgacha va maktab ta’lim tizimi psixologlari faoliyatini sifatli tashkil etishga koʻmaklashish maqsadida o’zbek va rus tillarida 30 dan ortiq o‘quv-metodik majmualar ishlab chiqilib, tadbir ishtirokchilariga tarqatildi. Shu bilan birga, ushbu qo‘llanmalar erkin foydalanish uchun Markazning “Yagona ta’lim resurslari va xizmatlari” portaliga joylashtirildi.
Aytish joizki, mazkur portalda “Psixologik xizmat” platformasi yaratilib, unga maktabgacha va maktab psixologlari, oʻqituvchilar va ota-onalar uchun ochiq resurslar muntazam joylashtirib borilmoqda.

Bundan tashqari, Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan “Bulling, suitsid, voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha” sinf rahbarlari, maktab psixologlari va direktor oʻrinbosarlari uchun malaka oshirishga moʻljallangan maxsus kurs ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.
Qayd etish lozim, bu kabi loyihalar ta’lim tashkilotlarida psixologik barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim ilmiy-amaliy manbadir. Zero, sog‘lom ruhiyat va yuksak bilim uyg‘unligi – Yangi O‘zbekistonning barkamol avlodini voyaga yetkazishdagi eng mustahkam poydevordir!