Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori v.v.b. Yuliya Risyukova boshchiligidagi delegatsiyamiz Nyu-Yorkdagi BMT qoshidagi YuNESKO Aloqa idorasi aloqalar bo‘yicha katta mutaxassisi Lili Grey xonim bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Konstruktiv muloqot davomida Markaz va YuNESKO tuzilmalari o‘rtasida ta’lim, innovatsiyalar hamda inson salohiyatini rivojlantirish sohalarida hamkorlikni kengaytirishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ta’lim tizimini rivojlantirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda inson kapitalini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganligi ta’kidlandi. Shuningdek, Davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar zamonaviy, inklyuziv va innovatsion, xalqaro standartlarga hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga (SDG) mos ta’lim makonini yaratishga qaratilgani qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ta’lim sifatini oshirish va Barqaror rivojlanishning 4-maqsadi (SDG 4)ni amalga oshirish yo‘lida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.