
Bugungi kunda ta’lim tizimida innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish, o‘quvchi-yoshlarning ekologik tafakkurini rivojlantirish va ta’lim jarayonida barqaror rivojlanish tamoyillarini tatbiq etish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PF–16-son Farmonida ham “Yashil iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy etish, ta’lim tizimida ekologik madaniyatni shakllantirish va ekofaol fuqarolikni targ‘ib qilish” vazifalari ijrosini ta’minlash belgilangan.

Davlatimiz rahbari belgilab bergan ushbu ustuvor yo‘nalishlarni amalda ro‘yobga chiqarish maqsadida joriy yilning 9-dekabr kuni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan “Kichik qadamlar — katta oʻzgarishlar: bolalarda ekologik madaniyatni shakllantirish” mavzusida amaliy seminar tashkil etildi. Unda Toshkent shahridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari, psixologlar, metodistlar va taʼlim tizimi xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbirni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori o‘rinbosari Anvarjon Maxmudov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida ekologik tarbiya uzluksiz ta’limning ajralmas qismi ekanligi va bu borada zamonaviy yondashuvlarning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.

"Bugungi kunda ekologik xavfsizlik va tabiatni asrash masalasi butun dunyo miqyosida dolzarbdir. Atrof-muhitning ifloslanishi, resurslarning kamayishi va global ekologik muammolar bizdan jiddiy yondashuvni talab qilmoqda.
Maktabgacha taʼlim tizimida ekologik tarbiyani amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar mavjud. Bola yoshligidanoq tabiat bilan muloqot qiladi, atrofidagi voqea-hodisalarni kuzatadi va oʻrganadi. Ushbu jarayonda pedagoglar tomonidan toʻgʻri yoʻnalish berilsa, bolalarda tabiatga ongli munosabat, resurslarni tejash madaniyati va ekologik masʼuliyatli xulq-atvor shakllanadi.
Bugungi amaliy seminarning maqsadi ushbu sohada amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish, innovatsion yondashuvlarni muhokama qilish va maktabgacha taʼlim tashkilotlarida qoʻllash mumkin boʻlgan metodik tavsiyalarni taqdim etishdan iborat", – dedi Anvarjon Mahmudov.
Shuningdek, Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Shahzoda Mahmudova bugun o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar Toshkent shahridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi tarbiyachilar, psixologlar uchun muhim bilim va tajriba maydoni bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.

"Davlatimiz rahbari tomonidan maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, bu jarayonda ekologik ta.lim va tarbiya jarayonlarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Albatta, maktabgacha ta’lim bosqichida bolalarga berilgan ekologik bilimlar ularda tabiatga ehtirom tuyg‘usining shakllanishida muhim ahamiyatga ega.
Shu nuqtayi-nazardan kelib chiqib, bugun o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar Toshkent shahridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi tarbiyachilar, psixologlar uchun muhim bilim va tajriba maydoni bo‘lib xizmat qiladi" – dedi Shahzoda Mahmudova.
Seminarning navbatdagi qismi amaliy mashg‘ulotlarga bag‘ishlandi. Bunda har bir jamoa “Eko darsni qanday rejalashtirish kerak?”, “Storytelling”, “Ekosistema yaratish”, “Saralash o‘yini” kabi jami 6 ta amaliy mashg‘ulotda to‘liq ishtirok etdi. Mashg‘ulotlarda har bir ishtirokchi barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ekologik tarbiya va ekologik savodxonlikni shakllantirishning turli metod va texnologiyalarini bevosita sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Shuningdek, Taʼlim dasturlari va oʻquv-metodik komplekslarni joriy etish boʻlimi boshligʻi Nodirbek Ismoilov ishtirokchilarning ekologik koʻnikmalarini baholashda interfaol usullarning ahamiyati haqida to‘xtalib, “Plickers” platformasi orqali baholash jarayonlarini namoyish etdi.
Ta’kidlash lozim, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan ishlab chiqilgan “Raqamli ta’lim resurslari va xizmatlari” portaliga “Ekologik savodxonlik va madaniyat” nomli yangi o‘quv kursi ham joylashtirilgan bo‘lib, unda eko-innovatsiyalar va zamonaviy ekologik ta’lim yo‘nalishlari, barqaror rivojlanishning kelajak avlodlar uchun ahamiyati, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda ekologik ta’lim jarayonini tashkil etishdagi metodologik yondashuvlar yoritilgan.

Kursda ma’ruza matnlari, taqdimotlar, video materiallar, interfaol topshiriqlar, amaliy keyslar, glossariy va onlayn testlar jamlangan. Ushbu o‘quv platforma maktabgacha ta’lim ishtirokchilariga ekologik savodxonlikni chuqur o‘zlashtirish, mashg‘ulot jarayonlarida zamonaviy metodlardan foydalanish va barqaror rivojlanish g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish imkonini beradi.
Seminar davomida savol-javob sessiyalari o‘tkazilib, ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalari va takliflari bilan o‘rtoqlashdilar. Bunda ishtirokchilar ekologik savodxonlikni oshirish, barqaror rivojlanish tamoyillarini o‘quv jarayonlariga chuqur singdirish va “yashil islohotlar”ni ta’lim tizimining ajralmas qismi sifatida qaror toptirish muhimligini ta’kidladilar.
Tadbir yakunida esa ta’limda ekologik yondashuvlarni ilgari surishda faol bo‘lgan pedagoglar markazning sertifikatlari bilan taqdirlandilar.