Ilmiy tadqiqot doirasida patent: mazmuni, mohiyati va ahamiyati

09.10.2025

Zamonaviy ilm-fan va texnologiya taraqqiyoti sharoitida innovatsion faoliyatning asosiy ko‘rinishlaridan biri sifatida patentlash tizimi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Patent (lotincha: patens – ochiq, aniq, ravshan) – texnik yechim yoki ixtironing davlat tomonidan eʼtirof etilganligini va ixtirochining oʻz ixtirosiga olgan mutlaq huquqini tasdiqlovchi hujjat. Patent olish jarayoni, patent oluvchining maʼsuliyatlari va eksklusiv huquqlari turli mamlakatlarda turlichadir. Shunday boʻlsa ham, har bir patent olish uchun yozilgan arizada ixtironing biror-bir yangilik kiritayotgani haqida maʼlumot boʻlishi kerak. Koʻp mamlalakatlarda berilgan eksklusiv huquqlar boshqalar patentlangan ixtironi ruxsatsiz yasashi, qoʻllanishi, sotishi yoki tarqatishi oldini oladi.

Patent ixtirochi (yoki muallif)ga o‘zining ixtirosi, foydali modeli yoki sanoat namunasi ustidan vaqtinchalik va eksklyuziv huquq beruvchi huquqiy hujjatdir. Ilmiy tadqiqot doirasida patent nafaqat yangi bilimlarni yaratish, balki ularni amaliyotga tatbiq etish, iqtisodiyot tarmoqlariga joriy qilish va ilm-fanni tijoratlashtirish vositasi sifatida ham xizmat qiladi.

Ilmiy faoliyat natijasi sifatida olingan patentlar innovatsion rivojlanishning lokomotivi hisoblanadi. Shu sababli, patentga ega bo‘lish nafaqat muallifning intellektual mehnatini huquqiy himoya qilish, balki mamlakatning ilmiy-texnik salohiyatini mustahkamlashda ham muhim rol o‘ynaydi.

Patent davlat tomonidan beriladigan rasmiy hujjat bo‘lib, u ixtirochi yoki tashkilotga ma’lum bir texnologik yechim (ixtiro, foydali model yoki sanoat namunasi) uchun belgilangan muddatda (odatda 20 yil) eksklyuziv huquqlarni beradi. Bu huquq egasiga boshqa shaxslar tomonidan ushbu ixtironi noqonuniy ravishda ishlab chiqarish, foydalanish yoki tarqatishining oldini olish imkonini beradi.

Patent turlari

Ilmiy tadqiqotlarda uchraydigan asosiy patent turlari quyidagilardan iborat:

Ixtiroga patent – texnik jihatdan yangi, foydali va sanoatda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan echimlarga beriladi;

Foydali modelga patent – ixtiroga nisbatan soddaroq va kamroq texnik darajaga ega bo‘lgan yangiliklar uchun;

Sanoat namunasiga patent – mahsulotning tashqi ko‘rinishiga (dizayn) beriladi.

Ilmiy tadqiqotda patentning mohiyati

Ilmiy tadqiqot – bu yangi bilimlarni izlash, mavjud muammolarga ilmiy asoslangan yechimlar topish jarayonidir. Bu jarayonda yaratilgan innovatsion mahsulotlar, texnologik yechimlar va ilmiy metodlar ko‘pincha patentlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Patent – ilmiy yutuqning amaliy ifodasi. Bunda patentlash orqali ilmiy izlanish natijalari amaliy qiymat kasb etadi. Masalan, fizika, kimyo, biologiya yoki muhandislik sohalarida olingan nazariy natijalar maxsus qurilma, texnologik jarayon yoki yangi material sifatida patentlanishi mumkin.

Patent olish jarayonida ixtironing yangiligi, foydaliligi va sanoatda qo‘llanilishi mumkinligi ilmiy jihatdan asoslab beriladi. Bu jarayon ilmiy metodologiya, tajriba natijalari va tahlillarga tayanadi, shuning uchun ham patent – bu nafaqat huquqiy hujjat, balki ilmiy isbotlangan yutuq sifatida e’tirof etiladi.

Patent olish uchun topshirilgan arizalar maxsus ekspertiza jarayonidan o‘tadi. Bu jarayonda ilmiy asoslangan tahlil, mavjud texnik daraja va yangilik darajasi aniqlanadi. Bu esa ilmiy ishlanmalarning chuqur ekspertizadan o‘tganligini bildiradi.

Patentning ilm-fan va innovatsion taraqqiyotdagi o‘rni

Patentlar ilmiy g‘oyalarni tijoratga olib chiqishda (Ilm-fanni tijoratlashtirish) “ko‘prik” vazifasini bajaradi. Ixtirolar korxonalar, startaplar, sanoat korxonalari tomonidan sotib olinadi yoki litsenziya asosida joriy qilinadi. Bu esa universitet va ilmiy-tadqiqot institutlari uchun qo‘shimcha moliyaviy manba bo‘ladi.

Xalqaro miqyosda universitetlar va ilmiy markazlarning reytingi aniqlanganda, ularning patent faoliyati asosiy mezonlardan biri sifatida qaraladi. Masalan, Times Higher Education yoki QS reytinglarida ilmiy-patent faoliyati muhim o‘rin tutadi.

Innovatsiya quyidagi ketma-ket bosqichlarni o‘z ichiga oladi:

ilmiy izlanish;

yangi g‘oya;

ishlanma;

patentlash;

tijoratlashtirish;

ishlab chiqarish.

Bu siklda patent markaziy o‘rinni egallaydi, chunki u g‘oyani qonuniy asosda himoya qiladi va tijoratlashtirish imkonini beradi.

O‘zbekistonda patentlash tizimi va ilmiy izlanishlarga ta’siri

Yurtimizda ixtirolar, foydali model, sanoat namunasiga nisbatan qoʻyiladigan patent olish huquqini vujudga keltiradigan talablar hamda patent idorasining bunday hujjatni berish tartibi O‘zbekiston Respublikasining “Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi Qonunida asosida belgilab berilgan.

Mazkur qonun patentlash tartibi, ariza topshirish, ekspertiza o‘tkazish va huquqlarni muhofaza qilish bo‘yicha asosiy me’yoriy hujjatdir. O‘zbekistonda bu soha O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi (O‘zRIMA) tomonidan tartibga solinadi.

Bugungi kunda doktorantura va magistratura bosqichlarida ilmiy ishlanmalarni patentlashtirish talab etilmoqda. Patentga ega bo‘lgan ilmiy ishlar yuqori darajadagi yangilikka va amaliy ahamiyatga ega deb baholanadi.


Patent faoliyatining dolzarb muammolari va istiqbollari

Muammolarga to‘xtalsak:

Ilmiy xodimlarning patentlash tizimi haqida yetarlicha ma’lumotga ega emasligi;

Patent olish jarayonining murakkabligi va yuqori xarajatlari;

Tijoratlashtirish mexanizmlarining sustligi.

Takliflar va istiqbollar bo‘lsa:

Ilmiy kadrlar uchun maxsus patentlashtirish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish;

Davlat tomonidan patent xarajatlarini qisman qoplash mexanizmlarini joriy etish;

OTM va ilmiy muassasalar qoshida “Patent-klasterlar” yaratish;

Yosh olimlar o‘rtasida patent tanlovlarini o‘tkazish.

Xulosa qilib aytganda, ilmiy tadqiqotlar doirasida olingan natijalarni patentlash – bu nafaqat huquqiy muhofaza, balki ilmiy yangilikning real amaliyotga yo‘naltirilganligini bildiruvchi mezondir. Patent ilm-fanning iqtisodiyot bilan uzviy bog‘liqligini ko‘rsatuvchi muhim vosita bo‘lib, u mamlakat innovatsion salohiyatini oshirishda asosiy omillardan biri hisoblanadi. Shu bois, har bir ilmiy xodim va tadqiqotchi patentlash madaniyatini o‘zlashtirishi, uni ilmiy faoliyatining ajralmas qismiga aylantirishi zarur.