Xorazmda psixologlarning kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan seminar bo‘lib o‘tdi

09.04.2026

Joriy yilning 9-aprel kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamkorligida Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universitetida “Taʼlimda psixologik farovonlikni birga yaratamiz” mavzusidagi oʻquv-seminar boʻlib oʻtdi.

Seminardan koʻzlangan asosiy maqsad maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida faoliyat yuritayotgan psixologlarning kasbiy bilim va amaliy koʻnikmalarini boyitish, ularni zamonaviy metod va yondashuvlar bilan qurollantirishdan iborat.

Tadbirning ochilish qismida Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʼi Xamro Bektemirov va Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi boshqarma boshlig‘i Mehriniso Pardayeva so‘zga chiqib, psixologik xizmatni yangi bosqichga olib chiqish, mutaxassislarning kasbiy salohiyatini mustahkamlash va taʼlim muassasalarida ijobiy muhit yaratish bugungi kunning muhim vazifasi ekanini qayd etdilar.

Seminar doirasida maktabgacha taʼlim yo‘nalishida kasbiy va hissiy so‘nishning oldini olish, stresslarga bardoshlilikni oshirish, 4-4-4 usulidagi nafas mashqlari, rolli o‘yinlar orqali stressli vaziyatlardan chiqish hamda vaqtni boshqarishga oid mini-treninglar tashkil etildi.

Umumiy oʻrta taʼlim yoʻnalishida ham psixologlar uchun kasbiy va hissiy soʻnish profilaktikasi, stressni boshqarish, nafas mashqlarini amaliy qoʻllash, murakkab vaziyatlardan chiqish boʻyicha rolli mashqlar hamda vaqtni toʻgʻri rejalashtirishga qaratilgan treninglar oʻtkazildi.

Mashgʻulotlar davomida ishtirokchilarga hissiy barqarorlikni taʼminlash, psixologik profilaktika ishlarini samarali tashkil etish, taʼlim muassasalarida sogʻlom muloqot va ijobiy psixologik muhitni shakllantirish boʻyicha amaliy tavsiyalar berildi. Shuningdek, hududlardan turib mutaxassislar videokonferensiya formatida faol qatnashib, seminar ishida keng qamrovli ishtirokni taʼminladilar.

Tadbir doirasida  ishtirokchilar ham oʻz fikr va taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi.

Gulzoda Tojiyeva, Qoʻshkoʻpir tumanidagi 10-sonli maktab psixologi:

“Seminarda koʻtarilgan mavzular, ayniqsa, kasbiy soʻnishning oldini olish va stressga bardoshlilik masalalari men uchun juda qiziq boʻldi. Bu bilimlar pedagoglar jamoasi bilan ishlashda bizga katta yordam beradi.

Mashgʻulotlar davomida oʻrgangan nafas mashqlari va qiziqarli tez aytish usullarini oʻquvchilarim bilan amalda qoʻllab koʻrishni rejalashtiryapman.

Shuningdek, hamkasblarimiz bilan oʻzaro tajriba almashib, faoliyatimizda uchraydigan koʻplab savollarga trenerdan aniq javoblar oldik”.

Rajabova Shaydo, Yangibozor tumanidagi 6-sonli DMTT psixologi:

“Ushbu oʻquv-seminari davomida biz faoliyatimizda tez-tez duch keladigan ruhiy toliqish va hissiy soʻnish holatlariga samarali yechimlar topdik. Yangi metodikalarni oʻrgandik.

Ayniqsa, yigʻloqi, giperfaol hamda ertalab kayfiyati boʻlmay keladigan bolalar bilan ishlash boʻyicha samarali metodikalarni oʻzlashtirganimiz juda foydali boʻldi.

Masalan, nafas mashqlarini avval ham qoʻllardim. Lekin bugun yana yan yangi usullarni oʻrgandim. Men trener sifatida ushbu tajribalarni Yangibozor tumanidagi hamkasblarimga ham yetkazaman”.

Taʼkidlash lozim, bunday oʻquv-seminarlar psixologlarning kasbiy mahoratini oshirish, oʻzaro tajriba almashish muhitini kengaytirish, taʼlim tizimida psixologik xizmat sifatini yanada yaxshilash hamda hududlarda metodik qoʻllab-quvvatlash ishlarini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar, amaliy tajribalar yuzasidan fikr almashdilar va kelgusidagi faoliyatlarida foydalanish uchun zarur tavsiyalar oldilar.