Joriy yilning 8-iyul kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazida Markaz direktori Shahzodbek Kurbaniyazov Qozogʻiston Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Beybut Atamqulov bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida taʼlim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, Markaz hamda Qozogʻistonning yetakchi taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, ekspertlik aloqalarini mustahkamlash hamda kasbiy almashinuvlarni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, tomonlar taʼlim jarayonida sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, mutaxassislar malakasini oshirish hamda qoʻshma professional tadbirlarni tashkil etish boʻyicha yangi tashabbuslarni ham koʻrib chiqdilar.

Uchrashuv yakunida amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish, istiqbolli qoʻshma taʼlim tashabbuslarini ishlab chiqish va ularni bosqichma-bosqich amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.