
Joriy yilning 8-aprel kuni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan Sirdaryo viloyati Pedagogik mahorat markazida “Kichik qadamlar — katta oʻzgarishlar: bolalarda ekologik madaniyatni shakllantirish” mavzusida amaliy seminar tashkil etildi. Unda viloyatdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor o‘rinbosarlari hamda tarbiyachilari ishtirok etishdi.

Seminar dasturiga ko‘ra, dastlab ishtirokchilar e’tiboriga maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari bilan ekologik savodxonlikni oshirishga qaratilgan mashg‘ulotlarni qanday o‘tkazish bo‘yicha nazariy ma’lumotlar berildi hamda master-klass o‘tildi.
Tadbirning navbatdagi qismi esa amaliy mashg‘ulotlarga bag‘ishlandi. Bunda har bir jamoa “Eko darsni qanday rejalashtirish kerak?”, “Storytelling”, “Ekosistema yaratish”, “Saralash o‘yini” kabi jami 4 ta amaliy mashg‘ulotda to‘liq ishtirok etdi.

Mashg‘ulotlarda har bir ishtirokchi barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ekologik tarbiya va ekologik savodxonlikni shakllantirishning turli metod va texnologiyalarini bevosita sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Seminar davomida savol-javob sessiyalari ham o‘tkazilib, ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalari va takliflari bilan o‘rtoqlashdilar.

Tadbir yakunida seminarning amaliy davomiyligi va ekologik tashabbuslarning ramziy ifodasi sifatida markaz hududiga daraxt ko‘chati ekildi.