
Joriy yilning 8-yanvar kuni Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan Samarqand shahridagi Pedagogik mahorat markazida viloyatdagi pedagoglar uchun “Metodik marafon” tashkil etildi.
Marafondan koʻzlangan asosiy maqsad umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarida oʻquv-tarbiya jarayonini zamonaviy talablar asosida innovatsion usullar yordamida oʻqitishni taʼminlash, xalqaro baholash tadqiqotlarida oʻquvchilarning savodxonlik natijalaridan kelib chiqib, oʻzlashtirishdagi boʻshliqlar bilan ishlashdan iboratdir.
Shuningdek, oʻqituvchilarga oʻquvchilarning mantiqiy fikrlash va samarali muloqot qilish, real hayotiy muammolarga yechim topa olishiga yoʻnaltirilgan metodlarni oʻrgatish, pedagog kadrlarning ilgʻor tajribalarini aniqlash va ommalashtirish vazifalari ham belgilab olingan.
Tadbirning kirish qismida Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi boshqarma boshligʻi, p.f.f.d (PhD), dotsent Mexriniso Pardayeva soʻzga chiqib, marafon ishiga start berdi.
Yalpi yigʻilish davomida Oriental universiteti Yoshlar masalalari, maʼnaviy va maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektor maslahatchisi Nuriddin Ubaydullayev pedagoglarning kasbiy va hissiy soʻnish hamda stresslarga bardoshliligini oshirish mavzusida mashg‘ulot o‘tkazdi.
Ta‘limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi bo‘lim boshlig‘i Oʻtkir Odiljonov esa o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish va mehnat bozori masalalaridagi zamonaviy yondashuvlar yuzasidan o‘z maʼruzasi bilan ishtirok etdi.

Mazkur “Metodik marafon” tadbirlari oʻqish savodxonligi, matematika, tabiiy fanlar va boshlangʻich taʼlim yoʻnalishlarida 4 ta shoʻbaga boʻlingan holda tashkil etildi. Xususan, matematik savodxonlikni rivojlantirish sho‘basida Samarqand viloyati Pedagogik mahorat markazi metodisti Anvarjon Ismoilov matematik konseptual tushunishni rivojlantirish bo‘yicha, Samarqand shahar 1-IDUM o‘qituvchisi Dilrabo Saparova esa matnli masalalarni yechishda chizma-model usulini qo‘llash bo‘yicha mahorat darslarini o‘tdilar.

Tabiiy-ilmiy savodxonlik yo‘nalishida viloyat Pedagogik mahorat markazi geografiya va iqtisodiy bilim asoslari fani metodisti Dilshoda Saparova “Antropotsentrizm: sayyora boshqaruv paneli” mavzusida, biologiya fani metodisti Tahmina Zaynizoda esa maktabda tabiiy fanlarni transformatsiya qilishda Padlet platformasidan foydalanish samaradorligi xususida to‘xtalib o‘tdilar.
Oʻqish savodxonligini rivojlantirish bo‘yicha tashkil etilgan mashg‘ulotlarda ona tili va adabiyoti fani metodisti Gulihayyo Norboyeva matn bilan ishlashda Blum taksonomiyasi asosida topshiriqlar tizimini yaratish, davlat tili fani metodisti Nigora Shanazarova esa o‘zbek tili fanini o‘qitishda samaradorlikni oshiruvchi interaktiv metodlardan foydalanish bo‘yicha o‘z tajribalarini o‘rtoqlashdilar.

Boshlangʻich taʼlim yoʻnalishidagi mashg‘ulotlar ham qizg‘in ruhda kechdi. Unda viloyat Pedagogik mahorat markazi metodisti Shirin Giyasova inklyuziv ta'limdagi imkoniyatlar, Paxtachi tumani 1-maktabning mentor o‘qituvchisi Gavxaroy Sa’dinova esa PIRLS evolyutsiyasi va yangi avlodga yangicha yondashuv masalalarini yoritib berdilar.
Onlayn va oflayn tarzda oʻtkazilayotgan marafon davomida jami 20 ta master-klass berildi va unda respublikamizning barcha hududlaridan qiziqish bildirgan 1 000 nafardan ortiq pedagoglar qamrab olingan. Har bir mashgʻulotdan soʻng ishtirokchilar oʻz yoʻnalishlari boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi.

Ushbu jarayonlar orqali oʻqituvchilarning metodik mahorati, innovatsion fikrlash koʻnikmalari hamda oʻquvchilarda amaliy bilim va kompetensiyalarni shakllantirish boʻyicha yondashuvlari yanada takomillashmoqda. Bu esa pedagoglarning kasbiy salohiyatini oshirish, oʻqitish jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etish va taʼlim sifatini yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qiladi.