
Joriy yilning 7-aprel kuni Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda hududiy hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda Nukus shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 55-son umumta’lim maktabida “Ta’limda psixologik farovonlikni birga yaratamiz” mavzusidagi o‘quv-seminar tashkil etildi.

Tadbirning ochilish qismida Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori Shaxzodbek Kurbaniyozov kirish so‘zi bilan ishtirok etib, ta’lim tizimida psixologik xizmatni rivojlantirish, psixologlarning kasbiy kompetensiyalarini oshirish hamda tarbiyalanuvchilar va o‘quvchilar uchun sog‘lom psixologik muhitni shakllantirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.

Mazkur seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad maktabgacha va maktab ta’limi tizimida faoliyat yuritayotgan psixologlarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini zamonaviy ilmiy yondashuvlar, innovatsion metodlar hamda amaliy psixologiya tajribasi asosida boyitishdan iborat.
Tadbir doirasida maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan psixologlar uchun alohida o‘quv-seminar mashg‘ulotlari tashkil etildi.

Mazkur seminar davomida O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi metodisti Ulug‘bek Abdullayev tomonidan maktabgacha ta’lim tashkilotlari psixologlari uchun ta’lim ishtirokchilari uchun treninglarni shakllantirish, kognitiv muammolarni erta aniqlash va differensial yondashuv, “Mutaxassis – ota-ona suhbat modeli” asosidagi rolli o‘yin hamda amaliy mashqlar orqali korreksion metodlarni o‘rganishga oid mavzular yuzasidan tushunchalar berildi.

Shuningdek, Rahmonjon Abdullayev tomonidan maktab psixologlari uchun ta’lim ishtirokchilari uchun treninglarni shakllantirish, o‘quvchilarda stress belgilarini aniqlash, oiladagi stress omillarini kamaytirish yo‘llari hamda rolli o‘yinlar va keys-stadi asosida ishlash bo‘yicha seminar mashg‘ulotlari olib borildi.
Seminar davomida ishtirokchilarga psixologik-pedagogik tashxis, profilaktika, korreksiya va maslahat berishning samarali usullari bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Shuningdek, hududlardan turib mutaxassislar videokonferensiya formatida faol ishtirok etib, seminar mashg‘ulotlarining keng qamrovda tashkil etilishiga hissa qo‘shdilar.

Tadbir doirasida ishtirokchilar ham o'z fikr va taassurotlari bilan o'rtoqlashdi.
Shahlo Ro‘zmetova, Ellikqal’a tumanidagi 19-sonli DMTT psixologi:
“Toshkentlik trenerimiz mavzularni juda qiziqarli va sodda tilda tushuntirib berdilar. Eng muhimi, seminar davomida kundalik ish faoliyatimizda uchrayotgan murakkab vaziyatlar va bizni qiynayotgan ko‘plab savollarga aniq javoblar oldik.
Ayniqsa, bog‘chaga ko‘z yoshi bilan keladigan, tortinchoq yoki muloqotga kirishishi biroz qiyin bo‘lgan bolajonlar bilan ishlash bo‘yicha berilgan tavsiyalar men uchun juda foydali bo‘ldi.
Chunki bunday bolalarni maktabga tayyorlashda biz psixologlar yanada e’tiborli bo‘lishimiz va ular bilan ko‘proq ishlashimiz zarur.Shuningdek, bolalarning kognitiv (bilish) qobiliyatlarini rivojlantirish bo‘yicha yangi metodikalarni ham o‘zlashtirdik.
Bu tajribalarni albatta o‘z faoliyatimda qo‘llayman va o‘rganganlarimni hamkasblarim bilan ham o‘rtoqlashaman”.
Aysuluv Yusufbayeva, Xo‘jayli tumanidagi 35-maktab psixologi:
“Mashgʻulotlar juda qiziqarli oʻtdi. Menga ayniqsa amaliy mashgʻulotlar qismi maq'ul keldi. Masalan, boshqa maktabdan yangi kelgan oʻquvchi bilan bogʻliq vaziyatni guruhda rolli oʻyin shaklida tahlil qildik.
Maʼlumki, koʻpincha yangi kelgan oʻquvchini dastlab boshqalar ajratib qoʻyishadi. Biz oʻzimizni oʻsha vaziyatdagi oʻquvchilarning oʻrnida koʻrib, uning holatini his qildik va muammoga birgalikda yechim izladik.
Bu kabi oʻrganganlarimni oʻz faoliyatimda qoʻllash bilan birga, tumanimizdagi boshqa psixologlar bilan ham oʻrtoqlashaman”
Bu kabi o‘quv-seminarlarning hududlarda tizimli ravishda tashkil etilishi psixologlarning kasbiy kompetensiyalarini mustahkamlash, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, ta’lim tizimida psixologik xizmat sifatini oshirish hamda sog‘lom psixologik muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar, o‘zaro tajriba almashdilar hamda seminar davomida olgan bilim va ko‘nikmalarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha tavsiyalar oldilar.