Ma’lumki, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan pedagoglarning kasbiy mahoratini uzluksiz rivojlantirish, ularni metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish maqsadida respublika miqyosida “Metodik marafon” tadbirlari muntazam tashkil etib kelinmoqda.

Joriy yilning 5-iyun kuni Xorazm viloyatida Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Xorazm viloyati pedagogik mahorat markazi hamkorligida navbatdagi “Metodik marafon” tadbiri o‘tkazildi.
Marafondan ko‘zlangan asosiy maqsad — umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida o‘quv-tarbiya jarayonining samaradorligini oshirish, pedagoglarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish hamda o‘qitishning zamonaviy shakl va usullarini amaliyotga keng tatbiq etishdir.

Mashg‘ulotlar bir nechta yo‘nalishlarda tashkil etilgan. Jumladan, matematik savodxonlik, tabiiy-ilmiy savodxonlik, o‘qish savodxonligi hamda boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha alohida sho‘balar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Har bir yo‘nalishda tajribali trener-o‘qituvchilar, metodistlar, professor-o‘qituvchilar va amaliyotchi pedagoglar ishtirok etdi.
Tadbirning umumiy sessiyasida bolalar xavfsizligini ta’minlash, murakkab vaziyatlarda ularni psixologik jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda tegishli tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Matematik savodxonlik yo‘nalishida pedagogning kasbiy faoliyatiga yangicha nazar bilan qarash, o‘qituvchining ichki motivatsiyasini kuchaytirish hamda sog‘lom pedagogik muhitni shakllantirish mavzulari muhokama qilinmoqda. Xususan, “Ilhom bilan yashash: pedagog uchun yangi qarash” hamda “Sog‘lom o‘qituvchi — samarali ta’lim” mavzularidagi mashg‘ulotlarda o‘qituvchilarning kasbiy faolligi va ruhiy barqarorligini ta’minlashga xizmat qiluvchi amaliy tavsiyalar berildi.
Tabiiy-ilmiy savodxonlik yo‘nalishida esa o‘quvchilarning tabiatga bo‘lgan qiziqishini oshirish, amaliy kuzatuv va tajribalar orqali bilimlarni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. “Eko-laboratoriya: tabiat bilan muloqot” mavzusidagi mashg‘ulot pedagoglarga tabiiy fanlarni hayotiy misollar va amaliy tajribalar bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha metodik yondashuvlarni taqdim etadi.

Shuningdek, mazkur yo‘nalishda “Zero zerikish — smart ta’til: yozni interaktiv o‘yinlar va sun’iy intellekt bilan zabt et!” mavzusidagi mashg‘ulot ham tashkil etilgan. Unda yozgi ta’til davrida o‘quvchilarning vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni interaktiv o‘yinlar, raqamli vositalar hamda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan oqilona foydalanishga yo‘naltirish masalalari yoritildi.
O‘qish savodxonligini rivojlantirish yo‘nalishida o‘quvchilarda kitobxonlik va mutolaa madaniyatini shakllantirish, pedagoglarning kasbiy salomatligi hamda dars jarayonidagi faolligi o‘rtasidagi bog‘liqlik yuzasidan fikr almashilmoqda. O‘qituvchilarga o‘quvchilarning matn bilan ishlash, tahlil qilish va xulosa chiqarish ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishida yozgi ta’tilni yangi g‘oyalar, ijodiy loyihalar va qiziqarli mashg‘ulotlar bilan boyitish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, “Yozgi ta’til — g‘oyalar generatori” hamda “Pedagogning muvaffaqiyatli ta’til formulasi: hissiy balans va ijodiy parvoz” mavzularidagi mashg‘ulotlar boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rish, kasbiy kuch va ijodiy salohiyatni tiklashga ko‘maklashadi.
Har bir yo‘nalish bo‘yicha asosiy mashg‘ulotlardan so‘ng hududiy trenerlar ishtirokida alohida muhokamalar tashkil etiladi. Marafonning onlayn shaklda tashkil etilgani hududdagi pedagoglarning keng qamrovli ishtirokini ta’minlash, ularning o‘zaro tajriba almashishi hamda kasbiy rivojlanishi uchun samarali metodik maydon yaratishga xizmat qiladi.